Shanba, 23.02.2019, 19:00
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Sentyabr » 21 » Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
04:11

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasida mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur qo‘mita raisi N.Ismoilov boshqargan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish markazi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tinglovchilari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Devonining O‘zbekiston mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha yangi konsepsiya hayotga tatbiq qilindi.

Jinoiy jazo tizimini erkinlashtirishga doir chora-tadbirlar ham ulkan sotsial va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘ldi. 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 1 yanvardan mamlakatda o‘lim jazosini bekor qilish, shuningdek, fuqarolarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini prokuraturadan sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qonunlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy kutib olindi va butun dunyoda katta aks sado berdi.

Anjumanda mustaqillik yillarida yurtimizda sud-huquq tizimi bo‘yicha mutlaqo yangi konsepsiyaning hayotga tatbiq etilishi bilan bir qatorda, sudlarning ixtisoslashuvi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, sud ishlarini appelyatsiya tarzida ko‘rib chiqish va yarashuv instituti joriy etilgani, tergov-surishtiruv va fuqarolarni hibsda saqlash muddatlari sezilarli darajada qisqartirilgani hamda ishlarni sudlarda ko‘rib chiqishning qat’iy muddatlari belgilanganligi qayd etildi.

Uchrashuvda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishning mazmun-mohiyati va ahamiyati hamda qonun ustuvorligini ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

x x x

Parlament quyi palatasi Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining yig‘ilishida «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ijrosi tahlil qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari hamda Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi xodimlari qatnashgan ushbu yig‘ilishni parlament qo‘mitasi raisi T.Karimov boshqardi.

Yig‘ilishda yuqorida nomi zikr etilgan qonun ijrosini ta’minlash borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida muayyan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Xususan, ushbu qonun asosida joylarda ekologik holatni sog‘lomlashtirish, to‘qayzorlar va ulardagi biologik xilma-xillikni asrash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda Amudaryoning quyi qismi – Qoraqalpog‘iston Respublikasida to‘qay o‘rmonlarini saqlash va muhofazalanadigan hududlar tizimini mustahkamlash yo‘nalishi bo‘yicha besh yilga mo‘ljallangan loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan o‘simliklarni himoya qilish va ko‘paytirish maqsadida Orolbo‘yi hududida maydoni 79,8 gektardan iborat Botanika bog‘i bunyod etilgan. Unda yuzdan ziyod buta va yetmishdan ortiq har xil o‘simlik mavjud bo‘lib, ular davlat tomonidan qo‘riqlanmoqda.

Shu bilan birga, yig‘ilishda bu borada yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchilik va nuqsonlarga e’tibor qaratildi, ularni bartaraf etish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1073 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2019Хостинг от uCoz