Juma, 19.04.2024, 14:31
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 4 » O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida
06:08

29 sentabr kuni Toshkent shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007–2008 yillarga mo‘ljallangan harakat dasturining ijrosi to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.

Qayd etib o‘tildiki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2006 yil 25 dekabrdagi Qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007–2008 yillarga mo‘ljallangan harakat dasturini bajarish yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishli tadbirlar rejalari qabul qilingan va ular izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Aholi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining, mamlakat Prezidenti farmonlari va qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini tushuntirish yuzasidan ma’rifiy ishlar olib borilmoqda. Bunda tinchlik, mustaqillik, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishga alohida e’tibor berilmoqda.

Korxona va tashkilotlarning jamoalari, fermerlar, o‘quvchi yoshlar hamda shaharcha, qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarining faollari bilan senatorlar hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarining hamma yerda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Devonining mamlakatimiz mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlab joriy yilning 30 avgustida bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan qoida va xulosalar tushuntirildi.

Mazkur Dasturning ijro etilishi asnosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga amaliy yordam ko‘rsatganliklari Kengash majlisida alohida qayd etildi. Xususan, fuqarolar yig‘inlari raislarining (oqsoqollarining) ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida amaliy mashg‘ulotlar hamda seminarlar o‘tkazildi. Tuman va shahar hokimliklari ko‘magida fuqarolar yig‘inlarida korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof-muhitni muhofaza qilish va obodonlashtirish muammolari yuzasidan hisobotlari tinglandi. Majburiy kommunal to‘lovlar to‘lanishini ta’minlash, issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan, tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanilishiga erishish borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga mo‘ljallab binolar qurishga kirishildi, mahalla qo‘mitalarini tashkiliy-texnika hamda tegishli adabiyotlar bilan ta’minlash, “Ma’naviyat va ma’rifat” xonalarini jihozlash yuzasidan zarur choralar ko‘rildi. Samarqand, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini tashkil etishda ijobiy tajriba to‘plandi. Chunonchi, Samarqand shahridagi “Mir Said Baraka” mahallasida kommunal to‘lovlar to‘lashdan tushayotgan mablag‘larning bir qismini kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish tajribasi qo‘llanmoqda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida Sirdaryo viloyatida mahalla qo‘mitalari oqsoqollarining ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi. Ijtimoiy sohaga taalluqli, kommunal xizmatlar to‘lovi, uylarning atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda uylarni namunali saqlash bilan bog‘liq masalalarni hal etishda mahalla qo‘mitalari bilan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamkorligini ta’minlash uchun Toshkent shahar hokimi tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga majlis ahli Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007–2008 yillarga mo‘ljallangan harakat dasturi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishida qiyinchilik va muammolar ham borligiga e’tibor qaratdi. Senatorlar shu munosabat bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur Dastur ijrosi yuzasidan qabul qilingan tadbirlar rejalari o‘z vaqtida bajarilishiga yo‘naltirilgan tashkiliy ishlarni kuchaytirishi muhim ekanligiga urg‘u berib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini kuchaytirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni dolzarb mavzulardagi adabiyotlar, shuningdek gazeta va jurnallar bilan ta’minlash borasidagi sobitqadam ishlari davom ettirilishi zarur ekanligini ta’kidladilar. Majlis ishtirokchilari aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan ommaviy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, sport yo‘nalishidagi va boshqa tadbirlarning samaradorligini oshirishga, aholining mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotidagi ishtiroki ko‘lamlarini kengaytirishga, fuqarolar yig‘inlarining faoliyati ommaviy axborot vositalarida yoritilishi sifatini yaxshilashga, ularning ijobiy ish tajribalarini umumlashtirish va ommalashtirishga qaratilgan aniq takliflar ham bildirdilar.

Sayyor majlis yakunlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi mahalliy davlat hokimiyati organlarining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yanada kuchaytirishga, shuningdek Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007–2008 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi bajarilishini ta’minlashga qaratilgan tegishli qaror qabul qildi.

Kengash majlisida senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashkiliy-nazorat guruhlari rahbarlari, “Mahalla” jamg‘armasi viloyat bo‘limlari raislari, nomi yuqorida zikr etilgan Dastur ijrosi uchun mas’ul tashkilotlarning rahbarlari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari va shahar faollari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1323 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 1
1 Syed  
0
You mean I don't have to pay for expert avdcie like this anymore?!

Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz