Yakshanba, 05.05.2024, 18:23
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Sentyabr » 2 » Islom Karimov “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmasi bilan tanishdi
Islom Karimov “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmasi bilan tanishdi
00:20
Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, xorij investitsiyasini o‘zlashtirishning yuqori sur’atlarini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va daromadini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli izchil islohotlar o‘z samaralarini bermoqda. 2007 yilning birinchi yarmida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 9,7 foizni tashkil etgani, sanoat ishlab chiqarish hajmi 11,6 foizga, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish – 19, pullik xizmatlar – 25,1 foizga o‘sgani, mahsulot eksporti 39 foizga oshgani bu borada qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlardan yana bir dalolatdir.
Ushbu ko‘rsatkichlarning amaldagi ifodasiga poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da namoyish etilayotgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning an’anaviy ko‘rgazmasida guvoh bo‘lish mumkin. Ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyishiga keng o‘rin berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 avgust kuni “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirdi.
Umumiy maydoni 48 gektarni tashkil etadigan “O‘zekspomarkaz” qisqa muddatda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan so‘ng istirohat bog‘lari, tennis korti, ko‘rgazma pavilyonlarini o‘z ichiga olgan yaxlit majmuaga aylandi. Endilikda bu yerda yiliga o‘ttizga yaqin maxsus, xalqaro va an’anaviy ko‘rgazmalar tashkil etish mumkin.
Prezidentimiz dastlab mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchi tarmoq hisoblangan avtomobilsozlik sanoati mahsulotlari bilan tanishdi.
Asakadagi “O‘zDEUavto” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan “Lasetti”, “Neksiya”, “Matiz” va “Damas” rusumli avtomobillarga nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham talab katta. Shu bois korxonada mahsulot ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshmoqda. Xususan, 2006 yilda 140 mingdan ziyod avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 170 mingdan oshishi kutilmoqda. Korxona 2008 yili to‘la quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 200 ming donagacha avtomobil ishlab chiqariladi.
Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan “Isuzu” avtobuslarini bugun mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlari yo‘llarida uchratish mumkin. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilashga xizmat qilayotgan ushbu avtobuslar ham ko‘rinishi, ham texnik imkoniyatlari bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.
– Xalqimizda ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, degan naql bor, – dedi davlatimiz rahbari. – Ko‘rgazmaning maqsadi ham shu – yangilikni, eng zamonaviy texnologiya va mahsulotlarni namoyish etish uchun sharoit yaratishdan iborat. “O‘zekspomarkaz” bugun ana shunday imkoniyatga ega.
Bu yerda amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholagan Prezidentimiz markaz faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.
Ko‘rgazmaning elektron texnika bo‘limida eng so‘nggi texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan televizorlar, audio va video apparatlar, muzlatgichlar, sovutkichlar va boshqa murakkab maishiy texnika vositalari namoyish etilmoqda. Asosan “Roison electronics”, “Zenit electronics” qo‘shma korxonalarida ishlab chiqarilayotgan bunday texnika vositalari bugun qishloq xonadonlarigacha kirib bordi.
“O‘zkabel”, “Doyche Kabel AG Toshkent”, “Andijonkabel”, “O‘zelektroapparat”, “UMT-Radio” kabi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan elektron texnika mahsulotlari yuqori sifati bilan xorijlik buyurtmachilarni ham o‘ziga jalb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy mavqeini mustahkamlashga qaratayotgan e’tibori tufayli bugun mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Endilikda ko‘plab fermerlarimiz faqat xomashyo yetishtirish bilan cheklanmasdan, o‘z mahsulotini o‘zi qayta ishlab, o‘zi bozorga chiqarmoqda.
Ko‘rgazmaning qishloq xo‘jaligiga oid ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirgan kishi bejirim idishlarga qadoqlangan sharbatlaru murabbolar, go‘sht va sut mahsulotlari, turfa liboslar, trikotaj mahsulotlarini ko‘rib ko‘zi quvonadi. Dilida faxr tuyg‘ularini tuyadi: “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan”.
“O‘zekspomarkaz” pavilyonlari hamda namoyish maydonlarida yangi korxonalar bilan birga katta tajribaga ega “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasi, Navoiy, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “O‘zbekqishloqmash”, ”Toshqishloqmash”, ”Toshkent yog‘-moy kombinati”, “Sino” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi kabi yirik korxonalar ham o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Ushbu ko‘rgazma Prezidentimiz rahnamoligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganidan yana bir dalolatdir.
 
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1794 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz