Payshanba, 02.05.2024, 11:50
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Sentyabr » 21 » O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida
04:14

Toshkentda 18 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi va bu haqda qaror qabul qilindi.

Majlisda, shuningdek, saylov komissiyalarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga doir tadbirlar kalendar rejasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishining e’lon qilinishi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq 2007 yil 23 dekabr – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgilangani va 2007 yilning 21 sentabridan saylov kampaniyasi boshlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Markaziy saylov komissiyasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga qat’iy amal qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar kalendar rejasini tasdiqlaganini qayd etdi. Xususan, saylov okruglari ro‘yxatlari saylovchilar soni hamda okrug saylov komissiyalari qayerda joylashganligi ko‘rsatilgan holda 9 oktabrgacha matbuotda e’lon qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov okruglari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladi. Okrug saylov komissiyalari 14 oktabrgacha, uchastka saylov komissiyalari esa 13 noyabrgacha tuziladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga binoan siyosiy partiyalar va bevosita fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga ega. Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida olti oy oldin Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin. Qonunda belgilanganidek, saylash huquqiga ega bo‘lgan har bir fuqaro yoki fuqarolar guruhi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish uchun kamida uch yuz nafar saylovchidan iborat saylovchilar tashabbuskor guruhini tuzishi mumkin. Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari, saylovchilar tashabbuskor guruhlari yig‘ilishi tomonidan amalga oshiriladi. Qonunning yuqorida qayd etilgan moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga 65 kun qolganida boshlanadi va 45 kun qolganida tugaydi. Saylovoldi tashviqoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran, ya’ni 18 noyabrdan boshlanadi.

Bunda, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga, siyosiy partiyalarga va saylovchilar tashabbuskor guruhlariga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Bundan tashqari, Qonunning ushbu moddasida ko‘rsatilganidek, Prezidentlikka nomzodlarga saylovchilar bilan yig‘ilishlar hamda ular uchun qulay bo‘lgan boshqa shaklda uchrashuvlar o‘tkazishda teng huquq beriladi. Yig‘ilishlar va uchrashuvlar o‘tkaziladigan vaqt hamda joy haqida saylovchilarga oldindan xabar qilinadi.

Matbuot anjumani qatnashchilariga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, Prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha yig‘ilishlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, matbuot, televideniye va radio vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega ekanligi ma’lum qilindi.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi kuzatuvchilarni ro‘yxatga olishni ta’minlaydi va ularning faoliyati uchun zarur sharoit yaratadi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga erkin, adolatli va demokratik saylovning qonun doirasida, ochiq, oshkora va xolisona o‘tkazilishini, fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan saylash va saylanish huquqlarini amalga oshirishlari uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilishini ta’minlaydi. Saylov komissiyalari Prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni ochiq hamda oshkora o‘tkazilishini amalga oshiradi.
 
Просмотров: 1373 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz