Payshanba, 02.05.2024, 16:14
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Sentyabr » 21 » O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida
04:14

19 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar Qonunchilik palatasi Kengashi taklif etgan kun tartibini tasdiqladilar.

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 542-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi F.Komilov taqdim etdi. Savol-javoblardan keyin bo‘lib o‘tgan muhokama chog‘ida deputatlar jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga kiritilayotgan qo‘shimchaning ahamiyati ustida to‘xtaldilar. Qonunchilik palatasi Qonunni qabul qildi.

Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi Q.Toshmatov “Budjet tizimi to‘g‘risida”gi hamda “Davlat budjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida ma’ruza qildi. Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari ishtirok etgan moddama-modda muhokama chog‘ida mazkur hujjatning qabul qilinishi qonun hujjatlarini Davlat budjetining g‘aznachilik ijrosi shartlariga muvofiqlashtirish maqsadida ularning yanada takomillashtirilishi uchun muhim ekanligi ta’kidlandi. Shu bilan birga deputatlar tomonidan qonun loyihasining budjet mablag‘larini sarflash va g‘aznachilikning asosiy vazifalariga taalluqli ayrim normalariga aniqlik kiritilishi zarurligi bilan bog‘liq mulohazalar bayon etildi. Qonunchilik palatasi tushgan takliflarni hisobga olgan holda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Mas’ul qo‘mitaga qabul qilingan takliflarni hisobga olgan holda qonun loyihasini maromiga yetkazish va uchinchi o‘qishda muhokamaga kiritish topshirildi.

Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi N.Ismoilov “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi hamda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar loyihalari to‘g‘risida ma’ruza qildi. Savol-javoblardan so‘ng bo‘lib o‘tgan ushbu hujjatlar konsepsiyalarining muhokamasi chog‘ida deputatlar transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash transport vositalaridan foydalanilishi natijasida zarar ko‘rgan jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoyalashning to‘laqonli vositasi bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladilar. Konsepsiyani ko‘rib chiqish chog‘ida majburiy sug‘urta ishtirokchilarining maqomini, shuningdek, sug‘urta hodisalariga doir zararning o‘rnini qoplash tartibi va shartlarini aniq belgilash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Qonunchilik palatasi bildirilgan fikr-mulohazalar hamda takliflarni hisobga olgan holda qonunlar loyihalarining asosiy qoidalarini ma’qulladi va mazkur loyihalarni birinchi o‘qishda qabul qildi.
 
Просмотров: 1417 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz