Dushanba, 06.05.2024, 05:18
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Sentyabr » 27 » Tadbirkorlikni rivojlantirish – iqtisodiyot barqarorligi omili
Tadbirkorlikni rivojlantirish – iqtisodiyot barqarorligi omili
02:14

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Devonining mamlakatimiz mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida hayotimizning barcha jabhalari, jumladan, iqtisodiyotda islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni belgilab berdi. Toshkentda tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy faolligini, jamiyatni demokratik yangilashdagi rolini oshirishga bag‘ishlangan davra suhbatida ushbu vazifalarni hal etish yo‘llari muhokama etildi.

Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti ko‘magida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) tomonidan Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillari, iqtisodiyot hamda jamiyat qurilishi sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi M.Teshaboyev tadbirni ochar ekan, istiqlol yillarida Prezident Islom Karimovning tashabbusi bilan mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy jabhalarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilganini qayd etdi. Ijtimoiy jarayonlarni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, mamlakatni bozor munosabatlari asosida barqaror iqtisodiy rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejali ravishda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir.

Kichik va xususiy biznesning iqtisodiyotdagi hissasi muttasil oshib, ushbu sohada ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etilmoqda. Bugun yalpi ichki mahsulotning 76 foizi, sanoat mahsulotining 80 foizi, qishloq xo‘jaligining jami mahsuloti va chakana savdo aylanmasi nodavlat sektori tomonidan shakllantirilmoqda. Ichki yalpi mahsulotda kichik va xususiy biznesning jami ulushi 45 foizdan ortdi. Bularning barchasi mamlakatimiz bozorlarini zarur tovar va xizmatlar bilan boyitish, aholi daromadi va bandligining o‘sishi uchun sharoit yaratmoqda.

Tadbir ishtirokchilari o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda tadbirkorlikning bunday qisqa davr ichida jadal rivojlanishiga mamlakatimiz rahbarining ushbu sohadagi munosabatni bosqichma-bosqich erkinlashtirishga qaratilgan puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosati, bozor infratuzilmasini shakllantirish, tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy mustaqilligini oshirish, davlatning ularning xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini cheklash tufayli erishilganini qayd etdi. Bu borada tekshiruvlar soni keskin kamaytirildi, daromad solig‘i sezilarli darajada pasaytirildi. Kichik va xususiy biznes korxonalari sonining tez ko‘payishiga yordam beradigan mikrokreditlash tizimi kengaytirilmoqda, ulardagi ishlab chiqarishning yirik korxonalarga nisbatan o‘z xarajatlarini qoplashi uchun kam vaqt sarflanmoqda.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun demokratiyani rivojlantirish borasidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Siyosiy partiyalarning mamlakat qonunchilik faoliyati va ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish imkoniyatlari yanada kengaydi. Bu, o‘z navbatida, aholi ijtimoiy faolligini oshirishga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari SH.Teshayev, F.Hotamov, “Dilbar – davr qizi” xususiy firmasi direktori D.Xo‘jayeva, “Transreklama” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori YU.Yusupov, “Harakat plus” kichik korxonasi rahbari A.Saidov va boshqalar shu haqda gapirdi.

Uchrashuvda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDePning iqtisodiyot sohasida demokratik jarayonlarni kengaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqishda yanada faol ishtirok etishiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi. Bularning barchasi jamiyatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
 
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1580 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz