Dushanba, 06.05.2024, 11:49
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Sentyabr » 27 » Axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi boshlandi
Axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi boshlandi
02:18
“O‘zko‘rgazmasavdo” respublika savdo yarmarkasi markazida Axborot texnologiyalari haftaligi doirasida ICTExpo-2007 axborot texnologiyalari xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
 
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida yangi axborot texnologiyalarini qo‘llash jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim sharti ekani ta’kidlandi. Istiqlol yillarida mamlakatimiz bu borada ulkan yutuqlarga erishdi. Prezident Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan axborotlashtirishni rivojlantirish sohasidagi davlat siyosati bevosita mamlakatimizning jahon axborot makoniga integratsiyalashuviga qaratilgan.

Joriy yilda ICTExpo-2007 bir vaqtning o‘zida ikki shahar – Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tmoqda. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi yordamida Toshkent va Samarqand o‘rtasida videokonferens-aloqa o‘rnatildi. Har ikki ko‘rgazma tashkilotchi va ishtirokchilari bir paytning o‘zida katta monitorlar orqali ochilish marosimini kuzatish, bir-birini qutlash, ushbu anjuman ishiga muvaffaqiyat tilash imkoniga ega bo‘ldi. Ko‘rgazmaning ikkinchi kunida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Rustam Qosimjonov o‘rnatilgan teleko‘prik orqali samarqandlik yosh shaxmatchilar bilan to‘rtta shaxmat taxtasida bir vaqtda o‘yin namoyish etadi. Bu mamlakatimiz telekommunikatsiya tarmog‘i yuqori darajaga ko‘tarilganining yana bir yaqqol dalilidir.

ICTExpo-2007 ko‘rgazmasida dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, tizimli integratsiya, qayd etiladigan va mobil aloqa kompaniyalari, internet-provayderlar, telekommunikatsiya va kompyuter uskunalarini ishlab chiquvchilar hamda yetkazib beruvchilar o‘z mahsulotini namoyish etmoqda.

Toshkentdagi ko‘rgazmada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida biznes-hamjiyat vakillari, hokimiyat organlari va aholining keng qatlami uchun mo‘ljallangan barcha mavjud hamda istiqbolli xizmat turlari taqdim etilgan. Samarqandda videoekran orqali axborot-kommunikatsiya sohasiga ixtisoslashgan 100 ga yaqin kompaniya va firma o‘z pavilyonlarida keng turdagi tovarlar va xizmatlarni taqdim etganini ko‘rish mumkin.

Ko‘rgazmada o‘z mahsulotini namoyish etayotganlarning aksariyati ko‘rgazma tashkilotchisi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilot – yangi tashkil etilgan O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi a’zolaridir. Unda O‘zbekiston IT-sohasining 45 dan ortiq yetakchi korxonalari, shuningdek, IT-kompaniyalar – softmahsulotlar (dasturiy ta’minot) ishlab chiqaruvchilar, provayderlar, uskunalar, jumladan Huawei Technologies, Motorola, Nokia-Simens, ZTE Corporation, Uzbektelekom, East Telekom, Sarkor Telekom, Coscom, Perfectum Mobile, MTC-Uzbekistan, Unitech, Teleset Alfa, TSS, UCD Micros, Agata Impex, Sharifa-T kabi boshqa telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchilar, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etmoqda. Toshkentdagi ko‘rgazmada mamlakatimiz va chet ellik 100 nafardan ortiq ishtirokchi jahonda 300 dan ziyod texnika hamda texnologiyalar ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini taklif etmoqda.

Ko‘rgazmada axborot texnologiyalari sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar keng omma e’tiboriga havola etilmoqda. Ular orasida raqamli ilg‘or texnologiyalarni qo‘llaydigan Cisco, D-Kink, Zuxel, Patton kabi mashhur ishlab chiqaruvchi-firmalar uskunalari bazasida ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining mamlakatimizdagi yetakchi operatorlaridan biri Sharq Telekom kompaniyasi ham bor. Sharq Telekom Internet tarmog‘idan foydalanish, telefoniya, ma’lumotlar uzatish tarmog‘i, kartochkali platforma, Wi-Fi texnologiyasi (Internetdan simsiz foydalanish) va boshqa xizmatlarni o‘z ichiga olgan 15 turdagi xizmatni taklif etgan.

Ko‘rgazmada yaqinda ro‘yxatga olingan Fiber System mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi (Janubiy Koreya) ham ilk bor qatnashmoqda. Uning prezidenti Yon Sok Kim O‘zA muxbiri bilan suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar yildan-yilga mustahkamlanib, yangicha mazmun-mohiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

– O‘zbekistonda juda qulay investitsiya muhiti yaratilgan, – dedi Yon Sok Kim. – Shu bois Janubiy Koreyaning Orion Communicatons kompaniyasi mamlakatingizda telemetriya, tibbiyot, kabelli televideniye va boshqa sohalarda keng foydalaniladigan optik shnurlarni yig‘ish korxonasini ochishga qaror qildi.

Rossiyaning I-Teco kompaniyasi sho‘’ba korxonasi – Iteco Tashkent mas’uliyati cheklangan jamiyati stendlari ham e’tiborni o‘ziga jalb qiladi. Sho‘’ba korxona direktori Ulug‘bek Tagaliyevning aytishicha, korxona konsalting, infratuzilma yechimlarini ishlab chiqish, dasturiy integratsiya, sanoatni avtomatlashtirish, IT-infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash, autsorsing bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Hozir Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, MTS-O‘zbekiston uyali aloqa kompaniyasi vakillari bilan amaliy muzokaralar olib borilmoqda.

Rossiyaning yana bir kompaniyasi Softline International bir necha yildan buyon O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, litsenziyalangan dasturiy ta’minotni amalga oshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, Respublika tovar-xomashyo birjasi, “Toshkent” fond birjasi, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari, “O‘zDEUavto”, Initel mas’uliyati cheklangan jamiyati, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi kabi 200 dan ortiq kompaniya uning mijozlari hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, ko‘rgazma majmui hududida Internetdan wi-fi texnologiyasi bo‘yicha foydalanish tashkil etilgan. Bo‘lajak xaridorlarni tovar va xizmatlar qiziqtirsa va bu borada qiyinchiliklar yuzaga kelsa, ular o‘z ofisi, hamkorlari bilan tezkor hamda oson bog‘lanib, maslahatlashishi, masalalarni muhokama qilishi mumkin.

Uch kun davom etadigan ko‘rgazma dasturida keng ko‘lamli axborot-kommunikatsiya masalalari bo‘yicha ilmiy-texnik konferensiyalar, davra suhbatlari, taqdim etiladigan dasturlar translatsiyasini o‘tkazish, sohadagi eng so‘nggi yutuqlarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish ko‘zda tutilgan.

Mamlakatimizda elektron raqamli imzoni ommalashtirish va keng doiradagi foydalanuvchilarni yangi texnologiyalar bilan tanishtirish maqsadida ICTExpo-2007 ko‘rgazmasi doirasida Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlar markazi tomonidan elektron raqamli imzo kalitlari hamda kalitlar sertifikatlarini bepul berish bo‘yicha tanlov o‘tkazish rejalashtirilgan. Bir oy davomida maxsus saytda o‘tkaziladigan ushbu tanlovda xohlagan kishi ishtirok etishi mumkin. Barcha savollarga to‘g‘ri javob bergan dastlabki yuz ishtirokchi (g‘oliblar) Ro‘yxatga olish markazidan elektron raqamli imzo kaliti va kalit sertifikatini bepul olishi mumkin. Tanlov savollari “elektron raqamli imzo” mavzusi bilan bog‘liq.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar boshqa ko‘plab ta’lim va ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishi mumkin. Bundan tashqari bu yerda maxsus geymer hududlar va action-zone ishlab turibdi. Ko‘rgazmada geymer turniri ham bo‘lib o‘tadi.

Namoyish etilayotgan ko‘rgazma keng jamoatchilikka O‘zbekistonda axborot hamjamiyatini shakllantirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tanishish imkonini beradi. Shubhasiz, ICTExpo-2007 ko‘rgazmasi respublikamiz IT-bozorini yanada rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda mustahkam amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori A.Oripov ishtirok etdi.
 
 
Man'ba - UzA
Просмотров: 1767 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz