Shanba, 21.09.2024, 04:02
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 4 » O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi Bosh kotibini qabul qildi
O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi Bosh kotibini qabul qildi
06:09

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 sentabr kuni Oqsaroyda Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi Bosh kotibi Xamadun Tureni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini kompyuterlashtirish va ularga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida mazkur xalqaro tashkilot bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.

Axborot asri deb atalayotgan hozirgi yuz yillikda axborot texnologiyalarining ahamiyati kun sayin oshib bormoqda. Axborot-kommunikatsiya va kompyuter texnologiyalari yuksak sur’at bilan rivojlanib, barcha sohalarga jadal kirib borayotir.

Istiqlol yillarida O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahbarligida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, aloqa tarmoqlarini raqamlashtirish va ularning o‘tkazuvchanligini oshirish, iqtisodiy va ijtimoiy sohani kompyuterlashtirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Masalan, 2002 yili mamlakatimizda Internetdan 136 ming kishi foydalangan bo‘lsa, joriy yil boshida bu ko‘rsatkich salkam 2 millionga yetdi. “.UZ” domen zonasidagi veb-sahifalar soni o‘n karra ko‘payib, 4,5 mingdan ortiqni tashkil qildi. Telefon tarmoqlari raqamlashtirildi, uyali aloqa xizmati kengayib bormoqda. Kompyuterlashtirish va axborot-texnologiyalarini joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona va soliq imtiyozlari joriy etildi.

Kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xalqaro tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tashkil qilindi, qator litsey va kollejlar ochildi. Aloqa va axborotlashtirish agentligi, UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi, Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi singari ko‘plab muassasalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligini o‘tkazish an’anaga aylangan. U sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Mehmon Toshkentda yakuniga yetgan navbatdagi ana shunday tadbir doirasidagi sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan. Oqsaroydagi uchrashuvda X.Ture O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va kompyuterlashtirish borasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotganini alohida ta’kidladi. Haftalik yuksak saviyada tashkil etilib, sammit samarali bo‘lganini, Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi O‘zbekiston bilan hamkorlikni bundan buyon ham izchil davom ettirishini qayd etdi. Samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Suhbat chog‘ida mamlakatimizning mazkur xalqaro tashkilot bilan aloqalarini yanada kengaytirish, xalqaro axborot xavfsizligi muammolari va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1314 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz