Payshanba, 02.05.2024, 01:19
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 7 » O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida
00:08

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamasi 2-4 oktabr kunlari davom ettirildi.

Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi A.To‘xtaboyev taqdim etgan “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish tartibini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish chog‘ida deputatlar qonun loyihasining ayrim qoidalarini takomillashtirishga qaratilgan qator fikr-mulohazalar bildirishdi. Mazkur hujjat kiritilgan tuzatishlar inobatga olingan holda mas’ul qo‘mita tomonidan maromiga yetkazilganidan va moddama-modda muhokama qilinganidan keyin Qonun qabul qilindi.

“Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi SH.Abdullayeva taqdim etdi. Deputatlar ushbu hujjatni moddama-modda muhokama qilish chog‘ida bildirilgan barcha fikr-mulohazalar va takliflarni eshitib, muhokama qildilar. Qonun hujjatlaridagi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida qonun loyihasidan ayrim normalar chiqarib tashlandi. Qonunchilik palatasi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilib, mas’ul qo‘mitaga ushbu hujjatni qabul qilingan tuzatishlarni hisobga olgan holda maromiga yetkazishni va uchinchi o‘qishda muhokamaga kiritishni topshirdi.

“O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ham Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi SH.Abdullayeva taqdim etdi. Qonunchilik palatasi kiritilgan tuzatishlarni hisobga olgan holda mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi va mas’ul qo‘mitaga uni uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun maromiga yetkazishni topshirdi.

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi B.Nurmedovning ma’ruzasi bo‘yicha deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Pochta to‘lovlari xizmatlari to‘g‘risidagi Bitimga (Buxarest, 2004 yil 5 oktabr) qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Savol-javoblar va batafsil muhokamadan so‘ng deputatlar ushbu Qonunni qabul qildilar.

Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari R.Sobirjonov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini taqdim etdi. Deputatlar mazkur hujjatni muhokama qilib, uning asosiy qoidalarini ma’qulladilar va birinchi o‘qishda qabul qildilar.

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi A.Erdonayev taqdim etdi. Deputatlar muhokama chog‘ida tushgan takliflarni hisobga olgan holda qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qulladilar va uni birinchi o‘qishda qabul qildilar.

Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining a’zosi F.Rajabov “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida axborot berdi. Savol-javoblar va muhokamadan so‘ng deputatlar qonun loyihasining asosiy qoidalarini ma’qullab, uni birinchi o‘qishda qabul qildilar.

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining a’zosi F.Komilov ma’ruza qildi. Muhokama chog‘ida deputatlar mamlakatimizning jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish muhim ekanligini ta’kidladilar hamda mazkur hujjatni yaxshilashga qaratilgan takliflar kiritishdi. Qonunchilik palatasi kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qullab, uni birinchi o‘qishda qabul qildi.
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1271 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz