Chorshanba, 01.05.2024, 23:30
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 9 » MDH: Dushanbe sammiti
MDH: Dushanbe sammiti
06:12

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Tojikiston Respublikasi poytaxtida o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

MDHga a’zo mamlakatlar bir-birini yaxshi biladi, siyosiy va gumanitar hamkorlik borasida katta tajriba to‘plagan. Ayniqsa, iqtisodiyot sohasida o‘zaro ishonchli hamkorlar hisoblanadi.

Hamdo‘stlikning sammitlarida birinchi navbatda MDHni isloh qilish masalasi muhokama qilindi. Bu masala kun tartibidan tushmay kelayotganiga sabab mazkur tuzilmani hozirgi doiradan kengroq darajaga ko‘tarish zaruratidir. U an’anaviy siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni saqlab qolish maqsadida tuzilgan edi. Endi esa xalqaro munosabatlarning yangicha asosdagi tamoyillariga moslashishi kerak.

Endilikda unga a’zo mamlakatlarning hamkorligi ularning an’anaviy do‘stligiga asoslangani holda, ishonchli va o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikka ham tayanmog‘i darkor.

Shu bilan birga, MDHni isloh qilish masalasi kun tartibidan tushmay kelayotgani va islohot zarurati borasida barcha a’zo davlatlar hamfikr ekanligi Hamdo‘stlikning roli susayib borayotganidan emas, aksincha, muayyan taraqqiyot bosqichiga erishganidan dalolatdir.

Shularning barchasini inobatga olib, 2006 yil noyabr oyida o‘tgan Minsk sammitida MDH Ijroiya qo‘mitasiga Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan Davlatlararo ishchi guruhini tashkil etish va unga mazkur konsepsiyani ishlab chiqish vazifasi toshirilgan edi. Joriy yilning iyunida bo‘lgan Sankt-Peterburg sammitida esa mazkur konsepsiyani tayyorlash jarayoni ko‘rib chiqildi.

Dushanbe sammiti prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvidan boshlandi. Unda Hamdo‘stlikni isloh qilish, uning ijro organlari faoliyatini takomillashtirish, integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga doir masalalar muhokama qilindi. Jumladan, MDHni isloh qilish konsepsiyasi hamda Uni hayotga tatbiq etishga doir asosiy chora-tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu masalalar muhokamasi davlat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarida ham davom ettirildi. Davlatlararo ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur hujjatlar loyihasida Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilangani ta’kidlandi.

Integratsiya xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari bilan uzviy bog‘liqdir. Tovarlar va xizmatlarning, sarmoya va ishchi kuchining harakatini nazorat qilish uchun huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar bilan bir qatorda bojxona va chegara xizmatlarining hamkorligini yanada mustahkamlash zarur.

Sammitda terrorizm, ekstremizm va jinoyatchilikka, jinoiy yo‘l bilan orttirilgan daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida quyidagi hujjatlar imzolandi: Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini yanada rivojlantirish konsepsiyasi va Uni amalga oshirishning asosiy tadbirlar rejasi, Jinoyatchilikka qarshi hamkorlikda kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning 2008-2010 yillarga mo‘ljallangan davlatlararo dasturi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi hamkorlikda kurashish bo‘yicha 2008-2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining terrorizmga va ekstremizmning boshqa tajovuzkorona ko‘rinishlariga qarshi hamkorlikda kurashish bo‘yicha 2008-2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining madaniy boyliklarning o‘g‘irlanishiga qarshi kurash va ularning qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi bitim va boshqa hujjatlar.

Sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan jurnalistlarga axborot berildi.

Dushanbe sammiti Hamdo‘stlikning ahamiyati ortib borayotgani va u qamragan mintaqada integratsiya jarayonlari mustahkamlanayotganini yana bir bor namoyon qildi.

Dushanbe shahrida 6 oktabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YevrAzES) Davlatlararo kengashining majlisi hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasi bo‘lishi mo‘ljallangan.
 
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1344 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz