Chorshanba, 01.05.2024, 18:28
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 24 » Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishi
Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishi
23:31

Prezidentimiz Islom Karimovning Vazirlar Mahkamasining shu yil 12 fevralda bo‘lib o‘tgan majlisidagi ma’ruzasida 2007 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng ustuvor yo‘nalishlari va mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lidagi aniq vazifalar belgilab berilgan. Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishida o‘tgan vaqt mobaynida bu borada bajarilgan ishlar atroflicha muhokama etilib, galdagi vazifalar belgilandi.

Viloyat hokimi A.Eshmuratov boshqargan yig‘ilishda hisobot davrida yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 107,6 foizni tashkil etgani ta’kidlandi.

Xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har taraflama qo‘llab-quvvatlash uchun qulay sharoit yaratilgani viloyatda iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish imkonini bermoqda. Shu yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” temir yo‘li qurilishi yakunlanib, poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Sariosiyo tumanidagi Xonjiza polimetall rudalar va Boysun tumanidagi Gajak neft-gaz konlarini o‘zlashtirish boshlandi. Xorij sarmoyasi ishtirokida 64 korxona tashkil etildi.

Hisobot davrida 17 korxona va obyekt 337,6 million so‘m investitsiya kiritish sharti bilan xususiylashtirildi. 19 korxona va obyekt birja hamda birjadan tashqari savdoga chiqarildi. Yana 50 tasi davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish komissiyasi xulosasiga ko‘ra baholanmoqda. Xususiylashtirilgan korxonalarning faoliyati atroflicha o‘rganilib, tahlil qilindi.

Viloyatda aholi bandligini oshirishga yo‘naltirilgan dasturlar ijrosi yuzasidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘ttiz to‘rt mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi. Ularning to‘rt mingdan ortig‘i yirik, o‘rta va kichik korxonalar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Viloyatda qishloq aholisining turmush darajasini oshirish va ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotir. “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi doirasida 56 qishloq aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Qariyalar, urush va mehnat faxriylari sanatoriylarda bepul davolanib, salomatligini tikladi. Mehribonlik va muruvvat uylari, imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktab-internatlarning moddiy bazasi yaxshilanib, barcha qulayliklar yaratildi.

Afsuski, hisobot davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muayyan kamchilik va nuqsonlarga ham yo‘l qo‘yildi. Xususan, “Surxonkombinati” aksiyadorlik jamiyati hamda “Alpomish” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarish sur’ati pasayib ketgani, Bandixon va Qiziriq tumanlarida maishiy xizmat ko‘rsatish zamon talablariga javob bermasligi, Termiz, Oltinsoy, Bandixon, Boysun tumanlarida mahsulotlarni eksport qilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani jiddiy tanqid qilindi. Shuningdek, sakkizta kasb-hunar kolleji va bitta akademik litsey belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmadi.

Yig‘ilishda kuzgi-qishki mavsumga puxta hozirlik ko‘rish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, kuzgi don ekish borasidagi ishlar ham ko‘rib chiqildi. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Xonov ishtirok etdi.
 
 
Man'ba - UzA
Просмотров: 1278 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz