Payshanba, 02.05.2024, 01:38
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 24 » Saylov – demokratik islohotlar sharti
Saylov – demokratik islohotlar sharti
23:47

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari raislari va kotiblarining amaliy seminar-kengashi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, okrug saylov komissiyalarining raislari va kotiblari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash haqida ma’ruza qildi.

Mamlakatimizda saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi Konstitutsiyamizda va milliy saylov qonunchiligimizda o‘z ifodasini topgan. Aynan shuning uchun ham saylovlar, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularda siyosiy, huquqiy madaniyatni shakllantirish, demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Saylovlarni o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari ta’minlaydi. Ular saylov tizimining demokratik prinsiplarini amalga oshirishga ko‘maklashishga, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish imkoniyatini ta’minlashga da’vat etilgan.

Saylov komissiyalarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha davlat va jamoat idoralari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ijro etishi uchun majburiydir. Davlat va jamoat idoralari, siyosiy partiyalar organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalarining o‘z vakolatlarini amalga oshirishlariga ko‘maklashishi, ularning ishi uchun zarur ma’lumot va materiallarni taqdim etishi zarur.

Markaziy saylov komissiyasi mamlakatimizning butun hududida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning ijrosini nazorat qiladi va uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi, saylovni tashkil etishga doir masalalar yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida yo‘riqnomalar chiqaradi hamda tushuntirishlar beradi, shuningdek, saylov komissiyalari faoliyatini yo‘naltirib boradi.

O‘tgan davrda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okrugi tuzildi, okrug saylov komissiyalari tashkil etildi va ularning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 8 nafardan kam bo‘lmagan komissiya a’zolaridan iborat shaxsiy tarkibi tasdiqlandi va mahalliy matbuotda e’lon qilindi. Ayni vaqtda ushbu komissiyalar o‘z faoliyatini amalga oshirishga kirishdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, okrug saylov komissiyalari tarkibi milliy saylov qonunchiligi talablaridan kelib chiqqan holda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tavsiyasiga binoan jamoatchilikning obro‘li vakillari, partiyasizlar hisobidan shakllantirildi. Bu ularning ish faoliyatida xolislikni ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining ishini tashkil etish tartibi haqida seminar-kengash ishtirokchilariga atroflicha ma’lumot berildi.

Qonunga va Markaziy saylov komissiyasining kalendar rejasiga binoan okrug saylov komissiyalari saylov uchastkalarini tashkil etdi. Endi 13 noyabrgacha ular xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining bevosita ishtirokida uchastka saylov komissiyalarini shakllantirishlari lozim.

Saylov komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish borasidagi ishlarni ochiq va oshkora amalga oshirishi uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilgan. Zotan, oshkoralik va adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatdagina saylovlar chinakam demokratik tamoyillar asosida, milliy qonunchilik doirasida va jahon andozalariga mos ravishda o‘tadi. Bunda, albatta, ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganligi bilan bog‘liq voqelikni xolis va hozirjavoblik bilan yoritib borishi taqozo etiladi. Bu borada ularga Markaziy saylov komissiyasi katta yordam beradi.

Seminar ishtirokchilari Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazida bo‘lib, bu yerda jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Markazning konferens-zali va xonalari zamonaviy mebel, kompyuter texnikasi, telefon, faks va nusxa ko‘chirish apparatlari bilan jihozlangan. Bu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari tegishli ma’lumotlarni zudlik bilan olishi, shuningdek, tayyorlashi va Internet tarmog‘i orqali uzatishi uchun zarur shart-sharoit muhayyo etilgan.

Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazi rahbari B.Alimov yig‘ilganlarga saylov kampaniyasining ochiqlik, oshkoralik hamda transparentligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ishlash, okrug saylov komissiyalari matbuot markazlari faoliyatini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan amaliy tavsiya va tushunchalar berdi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan qo‘llanmalar tarqatildi.

Seminar-kengash ishtirokchilari 2-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi hududidagi saylov uchastkalaridan birida bo‘lib, saylovchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdilar.
 
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1198 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz