Chorshanba, 01.05.2024, 16:20
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 26 » O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlariga bayram tabrigi
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlariga bayram tabrigi
02:02

Hurmatli serjant va ofitserlar, ichki ishlar idoralari xodimlari va faxriylari!

Bugun militsiya xodimlari, huquq-tartibot idoralari xizmatchilari, umuman, butun mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kun – bizning tariximizda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb bayrami nishonlanmoqda.

Shu munosabat bilan o‘zini fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini, jamoat tartibi va xavfsizligini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi olijanob ishga baxsh etib kelayotgan barcha vatandoshlarimni ana shu bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston o‘z mustaqilligi va suverenitetini qo‘lga kiritgan dastlabki kunlardan boshlab jamiyatimizda barqarorlikni ta’minlash, fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligini asrash hal qiluvchi vazifalardan biriga aylandi.

Ana shunday yuksak maqsad-muddaolarga erishish uchun istiqlol yillarida yurtimizda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ichki ishlar idoralari tizimini chuqur isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli, mazmun-mohiyatiga ko‘ra ulkan ishlar amalga oshirildi.

Ichki ishlar idoralarining yuqoridan quyigacha bo‘lgan barcha tuzilmalari amalda sifat jihatidan butunlay yangicha asosda shakllantirildi, huquq-tartibotni saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashning zamonaviy usul va vositalaridan foydalangan holda, jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini qaror toptirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Bunday o‘zgarish va islohotlar birinchi galda uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashni kuchaytirishga, tezkor-qidiruv xizmatlari va tergov bo‘linmalarini mustahkamlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, post-patrul xizmati faoliyatini takomillashtirish va profilaktika xizmati rolini oshirish, shuningdek, respublikada yong‘in xavfsizligi tizimini qayta ko‘rib chiqishga qaratilganini ta’kidlash zarur.

Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu vazifalarni amalga oshirish ichki ishlar idoralarining qiyofasi hamda ular faoliyatining ma’no-mohiyatini prinsipial jihatdan o‘zgartirishga xizmat qildi.

Militsiya uchastka inspektorlari bo‘linmalari negizida profilaktika inspektorlari instituti va har bir mahallada tayanch punktlari tashkil etilgani huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat sodir etishga olib keladigan sabab va holatlarni aniqlash va bartaraf etish borasidagi ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish va kuchaytirish imkonini berdi, mamlakatimizda jinoiy vaziyatni sezilarli darajada sog‘lomlashtirishni ta’minladi.

Fuqarolarning yashash joylarida, deyarli har bir mahallada “Mahalla posbonlari” kabi noyob jamoat tuzilmasi tashkil etilgani profilaktika ishlarini yo‘lga qo‘yish va olib borish hamda jamoat tartibini saqlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, samarali tezkor-qidiruv faoliyat tizimi yaratildi. Tergov idoralarini qayta tashkil etish, yaxshi ta’minlangan, zamonaviy moddiy-texnik va kriminalistik bazaga ega bo‘lgan tergov apparatlarini shakllantirish hisobidan jinoyatlarni ochish va jinoyatga jazo muqarrarligi tamoyilining ijrosi ta’minlanmoqda.

Keyingi yillarda yangitdan tashkil qilingan militsiya bo‘linmalarining respublikamizdagi boshqa huquq-tartibot idoralari bilan xizmat va jangovar topshiriqlarni bajarish bo‘yicha hamkorligi sezilarli darajada yaxshilandi.

Ayni paytda militsiya xodimlarining aholi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralari bilan yaqin hamkorligi yanada mustahkamlandi, ularning safarbarligi va sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi tezkor kurash olib borish imkoniyatlari oshib bormoqda.

Bugungi kunda ichki ishlar idoralarining faoliyati samaradorligini oshirish va ularni mustahkamlash borasida yuksak malakali, professional kadrlar tayyorlash masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalari – Ichki ishlar akademiyasi, Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti, Yong‘in xavfsizligi oliy texnika maktabi faoliyati tubdan qayta tashkil etildi. Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslari tashkil qilindi va samarali faoliyat ko‘rsata boshladi.

O‘tgan yillar davomida ichki ishlar idoralarining mahalliy hokimiyat, “Mahalla” o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoatchilik bilan aloqalarini butunlay qayta ko‘rib chiqish, isloh qilish va kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar mamlakatimiz fuqarolarining militsiyaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratdi. Bu esa, hech shubhasiz, o‘z navbatida ichki ishlar idoralarimizga kuch-qudrat bag‘ishlab, ularning ishonchli faoliyat yuritishini ta’minlamoqda.

Bugungi kunda ichki ishlar idoralari saflarida Vatanimiz manfaatlariga sadoqatli, munosib o‘g‘il-qizlarimiz xalqimizning tinch va osoyishta hayotini asrash yo‘lida murakkab vazifalarni ado etib kelmoqda.

Respublika ichki ishlar idoralari xodimlari ko‘pgina hollarda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, mardlik va qahramonlik namunalarini ko‘rsatib, mas’uliyatli jangovar-xizmat vazifalarini bajarishda ishtirok etmoqda. Bugun biz fuqarolarning tinch hayoti va huquq-tartibotni saqlash yo‘lida jonini fido etgan xodimlarning yorqin xotirasi oldida bosh egamiz.

Fursatdan foydalanib, huquq-tartibot xodimlarining yangi avlodini tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shayotgan ichki ishlar idoralari faxriylariga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Aziz vatandoshlar!

Biz murakkab zamonda yashamoqdamiz. Bugungi kunda mamlakatimiz hayotiga uyushgan va transmilliy jinoyatchilik, narkobiznes bilan bog‘liq xavf-xatarlar tahdid solmoqda. Bunday balo-qazolarga qarshi samarali kurashish, ularga munosib zarba berish ichki ishlar idoralariga tegishli barcha xizmatlardan aniq va hamjihatlikda harakat qilishni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning har bir xodimidan o‘z xizmat burchini mas’uliyatni chuqur his etgan holda, halol ado etishni talab qiladi.

Bu maqsadlarga erishish uchun quyidagi masalalarga alohida ahamiyat berish zarur:

Birinchidan, mamlakatimizda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan ichki ishlar idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha boshlangan tizimli ishlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, huquqbuzarliklarni, birinchi galda yoshlar o‘rtasida oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, jinoyatlarni zudlik bilan ochish va sodir etilgan jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlovchi tezkor qidiruv va tergov faoliyati tizimini takomillashtirish.

Ikkinchidan, ichki ishlar idoralari ishidagi qonuniylikni yanada mustahkamlash, militsiya xodimlari faoliyatida uchrab turadigan korrupsiya, rasmiyatchilik, to‘rachilik, loqaydlik kabi salbiy holatlarga tubdan barham berish, ayniqsa, yo‘l-patrul xizmati va boshqa tuzilmalar ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish. Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, shaxsiy tarkibni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, ichki ishlar idoralarini tasodifiy xodimlardan, avvalo, o‘zining ishchanlik, axloqiy va professional tayyorgarligi bo‘yicha militsiya xodimi degan yuksak unvonga noloyiq kishilardan xalos etish borasidagi ishlarni kuchaytirish.

Uchinchidan, Ichki ishlar vazirligi idoralarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ular faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kompyuter texnikasini joriy etish, ma’lumotlar bankini shakllantirish va undan tezkor foydalanish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratish.

To‘rtinchidan, profilaktika inspektorlarining malakasi va professional mahoratini oshirish g‘oyat muhim vazifalardan biridir. Yuksak professionalizm, xushmuomalalik, odamlar orasiga kirib borish, yoshlar qalbiga yo‘l topa bilish, oila va maktab o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish – har bir profilaktika inspektorining asosiy xususiyatlari bo‘lmog‘i darkor.

Profilaktika inspektorlari o‘z faoliyatini birinchi navbatda huquqbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashga ko‘maklashish, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrashga qaratgan taqdirdagina muvaffaqiyatga erishish mumkin.

Beshinchidan, transchegaraviy jinoyatlar, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik, narkotiklarni yetkazib berish va tarqatish manbalariga qarshi kurash muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan barcha choralar hali-hanuz huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatidagi eng zaif bo‘g‘in bo‘lib turibdi, bu soha bo‘yicha javobgar bo‘lgan tuzilmalarning faoliyatini muvofiqlashtirish talab darajasida ta’minlanmayapti.

Oltinchidan, militsiya xodimlarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan aniq maqsadli ishlarni yanada kuchaytirish muhim vazifalarimizdan biri bo‘lmog‘i kerak. Keyingi yillarda ularning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ish haqini oshirish yo‘lida ko‘p ish qilindi. Ichki ishlar idoralari xodimlarining professional mahorati o‘sishini rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha pul mukofotlari va boshqa to‘lovlar joriy etildi. Bu ishlar bundan keyin ham davlatimiz va jamoatchiligimizning e’tibor markazida bo‘ladi, albatta.

Aziz do‘stlar!

Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, mamlakatimizda barqarorlikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va fuqarolarimiz manfaatlarini himoya qilish borasidagi mas’uliyatli vazifalarni ado etishda ulkan yutuqlar tilayman.

Ishonchingiz komil bo‘lsinki, sizlarning odamlar osoyishtaligini ta’minlash yo‘lidagi mashaqqatli, olijanob va fidokorona mehnatingiz doimo yuksak qadrlanadi.

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Man'ba - UzA

Просмотров: 1616 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz