Payshanba, 02.05.2024, 01:41
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 26 » 25 oktabr – ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb bayrami
25 oktabr – ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb bayrami
02:06

Xalqimiz Prezident Islom Karimov rahnamoligida farovon jamiyat qurish yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy yuksalishda, xalq farovonligini oshirishda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, totuvlik va hamjihatlik muhim omil bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Abdug‘afur Sattorov bilan O‘zA muxbirining mustaqil yurtimiz tarixida ilk bor nishonlanayotgan ichki ishlar idoralari xodimlari kuni arafasidagi suhbati ayni shu jabhada – el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini yanada mustahkamlash, ichki ishlar idoralari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar berayotgan samaralar xususida bo‘ldi.

– Eng katta boyligimiz – mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, huquq-tartibot, qonun ustuvorligini ta’minlashda ichki ishlar idoralarining ham munosib hissasi bor, – deydi A.Sattorov.- Shu bois mustaqillikning dastlabki kunlaridan mazkur sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan mamlakatimiz hukumatining 1991 yil 25 oktabrda qabul qilgan qaroriga muvofiq ilgari sobiq ittifoq tasarrufida bo‘lgan vazirligimiz O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Mazkur qaror bilan vazirlik haqidagi Nizom tasdiqlandi. Unda mamlakatimiz ichki ishlar idoralarining huquqiy maqomi, tarkibiy tuzilishi, vazifalari, moddiy-texnik bazasini shakllantirish yo‘llari belgilab berildi.

Oliy Majlis palatalari tomonidan davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga oid mazkur qarorni imzolagan ana shu sanani mamlakatimizda Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni sifatida keng nishonlash to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Shunday qilib, ichki ishlar idoralari xodimlari bu yil ilk bor 25 oktabrni o‘zlarining kasb bayrami sifatida nishonlaydi.

– Istiqlol yillarida tizimda amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Prezidentimizning 2001 yil mart oyida qabul qilingan mamlakatimiz ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirishga doir farmonida bu islohotlarning asosiy maqsad va yo‘nalishlari belgilab berilgan. Ushbu Farmon talablarini bajarish maqsadida keyinroq hukumatimiz vazirlikning tezkor, tergov, yo‘l harakati, yong‘in xavfsizligi, profilaktika, patrul-post kabi xizmatlarini isloh qilish bo‘yicha qator qarorlar qabul qildi. Ushbu islohotlarning natijasi o‘laroq, ichki ishlar idoralarining obro‘ va mavqei oshdi, keng jamoatchilik, ayniqsa, mahallalar bilan hamkorligi kuchaydi.

Bugungi kunga kelib huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali tizimi yaratildi. Patrul-post hamda yo‘l-patrul xizmatlarining bo‘linmalari yuqori jangovar tayyorgarlikka ega, zamonaviy texnika va transport vositalari bilan ta’minlangan. Tezkor xizmatlar uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishi, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda faol ishtirok etmoqda. Tergov jarayonining xolisligini ta’minlash, tergovchining protsessual mustaqilligini oshirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar bajarildi.

Mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda mahallalarning ahamiyati katta. Shu bois Ichki ishlar vazirligi rahbariyati profilaktika xizmati faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ayni paytda yurtimizdagi 3,5 mingdan ziyod militsiya tayanch punktida xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlari ichki ishlar idoralarining boshqa tarmoqlari xizmatlari, mahalla oqsoqollari, “Mahalla posbonlari”, diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlar o‘zining samaralarini bermoqda.

Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat professional faoliyatimizning yanada samarali bo‘lishini ta’minlamoqda, balki ichki ishlar idoralari demokratik normalar asosida, qonuniylik va insonparvarlik tamoyillariga qat’iy rioya etgan holda ish yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratmoqda.

– Yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi va barqarorligi ichki ishlar idoralari xodimlarining kasbiy va jangovar tayyorgarligiga ham bog‘liq bo‘lsa kerak?

– Albatta, ichki ishlar idoralari xodimlarini xizmat burchiga sadoqat, vatanparvarlik, halollik ruhida tarbiyalash, yuqori kasbiy va jangovar tayyorgarlikka ega bo‘lishiga erishish vazirlik rahbariyatining hamisha diqqat markazida. Bugungi kunda mamlakatimizda ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ichki ishlar idoralarida xizmat qilishni istaydigan yoshlar uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi, Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurti kabi oliy ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunga javoban el-yurtimiz osoyishtaligini saqlash yo‘lida xizmat qilishni sharaf deb biladigan yoshlar tobora ko‘payayotgani quvonarlidir. Ularga bu borada barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Mustaqillik yillarida oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-moddiy bazasi mustahkamlandi. Zamon talablaridan kelib chiqib, o‘quv rejalari va dasturlari takomillashtirildi. O‘quv jarayoni “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida tashkil etilmoqda. Jumladan, kursant va tinglovchilar bilimini baholashning reyting tizimi, oraliq, joriy va yakuniy nazorat shakllari joriy etildi.

Ichki ishlar idoralarida serjantlarning roli va nufuzi oshishi munosabati bilan Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 2005 yil O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursi tashkil etildi. Ushbu kursni bitirgan yuzlab serjantlar hozir ichki ishlar idoralarida jazoni ijro etish, yong‘in xavfsizligi, patrul-post hamda yo‘l-patrul xizmati, qo‘riqlash, xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish va boshqa shu kabi xizmatlarda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida viloyatlardagi ichki ishlar boshqarmalari o‘quv markazlari o‘rniga Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Olmaliq shaharlarida bevosita vazirlikka bo‘ysunuvchi serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari tashkil etildi. Ularda serjantlar qayta tayyorlanib, malakasini oshirishi bilan birga ichki ishlar idoralariga ishga yangi qabul qilinganlar ham boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tadi.

Ichki ishlar idoralari xodimlari zimmasiga xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda aholiga, jamoatchilikka tayangan holda, fidokorona mehnat qilishdek mas’uliyatli vazifa yuklangan. Soha xodimlari o‘zlarining kasb bayramini bu yuksak vazifani sharaf bilan uddalagan holda kutib olayotirlar.
 
 
Man'ba - UzA

Просмотров: 1568 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz