Yakshanba, 28.04.2024, 10:16
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Oktyabr » 31 » Harbiy hamkorlik asosi – ittifoqchilik munosabatlari
Harbiy hamkorlik asosi – ittifoqchilik munosabatlari
03:10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 29 oktabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovni qabul qildi.

– Sizning tashrifingiz O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganining yana bir tasdig‘idir, – dedi mamlakatimiz rahbari. – 2005 yilda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma bu hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan harbiy, harbiy-texnikaviy va harbiy-ilmiy hamkorlik qurolli kuchlarni qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlashga, axborot va texnologiyalar almashuvini rivojlantirishga, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston va Rossiya poligonlarida ikki marta taktikaviy qo‘shma aksilterror mashqlari o‘tkazildi. Bunday tadbirlar mamlakatlarimiz manfaatlariga mos va harbiylar uchun foydalidir. Xususan, aksilterror mashqlarida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi umumiy vazifalar bajariladi – birgalikda terrorizmga qarshi kurashish, terror xurujlarini bartaraf etish mexanizmlari takomillashtiriladi, ko‘nikmalar mustahkamlanib, tajriba almashiladi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida Harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim amal qiladi. Ikki mamlakat mudofaa vazirliklari har yili hamkorlikka oid dastur va rejalar ishlab chiqadi va amalga oshiradi. A.Serdyukovning mazkur tashrifi asnosida O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2008 yilda ikki tomonlama hamkorlik rejasi imzolandi.

Harbiy sohadagi aloqalarning huquqiy poydevori mustahkamlanib bormoqda. Joriy yil may oyida Moskvada mamlakatlarimiz o‘rtasida quruqlikdagi qo‘shinlarning havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarini ko‘chma zenit-raketa majmualari bilan ta’minlash, ulardan foydalanish va axborot almashish to‘g‘risida bitim imzolangan edi.

O‘zbekiston va Rossiya xavfsizlik borasida va harbiy sohada Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) doirasida ham yaqindan hamkorlik qiladi. Bu boradagi aloqalar KXSHT qamragan mintaqa sarhadlarida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayni paytda O‘zbekiston uchun tezkor razvedka ma’lumotlariga, Rossiya maxsus xizmatlarining tahliliy materiallariga, zamonaviy qurol-aslaha va texnikaga ega bo‘lish imkoniyatlari kengayadi.

Amaldagi harbiy hamkorlik rivoji va ko‘lami O‘zbekiston bilan Rossiya harbiy sohada ham ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidan bormoqda, deyish uchun asos bo‘la oladi.

Anatoliy Serdyukov samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Rossiya O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikka alohida e’tibor bilan qarashini, bu yo‘nalishdagi barcha qo‘shma dastur va rejalarni qat’iyat bilan, izchil amalga oshirishni davom ettirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka hamda mintaqaviy xavfsizlikka oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
 
 
Просмотров: 1347 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz