Payshanba, 02.05.2024, 07:43
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Noyabr » 3 » Ittifoqchilik munosabatlari – amalda
Ittifoqchilik munosabatlari – amalda
05:22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 noyabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Viktor Zubkovni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ruhida har tomonlama rivojlanib borayotganini, davlatlarimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni oliy bosqichga olib chiqishga asos bo‘layotgan mazkur shartnoma barcha sohalardagi hamkorlikka yuksak sur’at baxsh etmoqda. Ikki mamlakat prezidentlari oliy darajadagi tashriflar va xalqaro tashkilotlarning sammitlarida muntazam uchrashib, o‘zaro aloqalarga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib turadilar. 2006 yil davomida Islom Karimov va Vladimir Putin to‘qqiz marta uchrashdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli maqomdagi o‘ttizdan ziyod delegatsiyaning tashriflari uyushtirildi.

O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirishda mamlakatlarimiz rahbarlarining bir-biriga hurmat va ishonchi, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, xavfsizik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, xalqaro muammolar borasidagi qarashlari o‘xshash va yaqin ekanligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston tashqi savdosining o‘ttiz foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Eksport va import tarkibi ham juda boy – mashina va uskunalar, energiya manbalari, qora va rangli metallar, paxta tolasi, plastmassa, yog‘ochni qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari. 2006 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard AQSH dollaridan oshdi. O‘tgan yili Rossiya O‘zbekistondan bir million tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsuloti sotib oldi.

O‘zbekistonda rossiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tashkil qilingan qo‘shma korxonalar soni to‘rt yuz ellikdan oshadi. Rossiyada esa O‘zbekiston sarmoyadorlari bilan birgalikda tuzilgan 284 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa savdo, energetika, konchilik, metallurgiya, sug‘urta, moliya sektori, oziq-ovqat, farmatsevtika, yog‘ochni qayta ishlash sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanayotir. Sanoatning elektrotexnika, mashinasozlik, samolyotsozlik kabi murakkab tarmoqlarida aloqalar kengaymoqda. Telekommunikatsiya va dastur ta’minoti, kimyo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, sayyohlik sohalarida katta imkoniyatlar mavjud va ularni to‘liq ishga solish ustuvor vazifalar sirasidandir. O‘zbekiston Respublikasining viloyatlari bilan Rossiya Federatsiyasi subyektlari o‘rtasida bevosita aloqalar yo‘lga qo‘yilgan va izchil rivojlanmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muntazam ravishda majlislar o‘tkazib, aloqalarni kengaytirishning yangi imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi, ustuvor sohalarni belgilaydi. Joriy yil mart oyida Moskvada uning to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatlarimizning gumanitar sohadagi hamkorligi ta’lim, madaniyat va san’at, sog‘liqni saqlash, fan va texnologiyalar kabi sohalarni qamrab olgan. O‘zbekistonda G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili poytaxtimizda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining, joriy yilda I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining filiallari ochildi. Madaniyat va san’at namoyandalarining hamkorligi doirasida turli ko‘rgazma va gastrollar tashkil etilmoqda.

V.Zubkov samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, Rossiya O‘zbekiston bilan hamkorlikni, barcha sohalarda rivoj topayotgan sheriklik aloqalarini yuksak qadrlashini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga doir hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
 
 
Просмотров: 1212 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz