Payshanba, 02.05.2024, 09:37
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Noyabr » 6 » Islom Karimov Xitoy Davlat kengashi rahbari Ven Szyabaoni qabul qildi
Islom Karimov Xitoy Davlat kengashi rahbari Ven Szyabaoni qabul qildi
04:15
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 noyabr kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi rahbari Ven Szyabaoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari bu XXR Davlat kengashi rahbarining O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi ekanini, bugungi uchrashuv mamlakatlarimizning o‘zaro munosabatlariga doir masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat yaratishini ta’kidladi. O‘zbekiston ikki tomonlama aloqalarning bugungi holatini, hamkorlikning sur’atini yuksak baholashi va qadrlashini, mamlakatlarimiz SHHTning faol a’zolari ekanligi ham o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashini qayd etdi.

O‘zbekiston va Xitoyning an’anaviy do‘stona, o‘zaro manfaatli aloqalarida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida qaror topgan ishonch va hurmat-e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hamkorlikning barcha sohalarini qamragan O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari 2005 yilda Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma imzolanganidan keyin yangi bosqichga ko‘tarilib, mazmunan boyib bormoqda.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qilmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2006 yilda qariyb 600 million, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 477 million AQSH dollarini tashkil etdi. Prezident Islom Karimovning 2005 yil may oyida XXRga davlat tashrifi asnosida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1,5 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritilishini nazarda tutishi, shuningdek, SHHTning 2004 yilgi Toshkent sammitida Xitoy mazkur tashkilotga a’zo davlatlar uchun 900 million dollar miqdorida kredit ajratgani va ushbu tashabbus doirasida O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan 22 loyiha ko‘rib chiqilayotgani mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning ko‘lami kengligidan dalolatdir.

Davlatlarimiz o‘rtasida imzolangan terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlik, tashqi siyosat mahkamalarining hamkorligi va maslahatlashuvlari to‘g‘risidagi bitimlar o‘zaro ishonch ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Gumanitar sohalardagi hamkorlik qamrovi ham keng. Shanxayda o‘tkaziladigan an’anaviy xalqaro milliy madaniyat va san’at festivalida O‘zbekiston vakillari, Samarqandda o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida xitoylik xonanda va sozandalar muntazam qatnashib kelmoqda. Toshkent va Pekinda bo‘ladigan zamonaviy san’at biyennalelari ham ikki mamlakat ijodkorlarining faol ishtiroki bilan o‘tadi.

Pekindagi Millatlar markaziy universitetida o‘zbek tili kafedrasi, Tashkentda xitoy tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha Konfutsiy nomidagi institut ochilgan.

Mamlakatlarimizning yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish, jumladan, sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar ham bir-biriga hamohang. O‘zbekistonda sportning yangi turlari rivojlanib borayotir. Xitoy 2008 yilgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Bu jihatdan 2005 yilda ikki mamlakat milliy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani muhim ahamiyatga ega.

Oqsaroydagi uchrashuvda Ven Szyabao samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlik sohalarini yanada kengaytirish tarafdori ekanligini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqboliga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.
 
 
Просмотров: 1301 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz