Seshanba, 30.04.2024, 13:53
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Noyabr » 15 » O‘zbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining uchinchi majlisi
O‘zbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining uchinchi majlisi
04:21

Xalqaro hamkorlik markazida 13 noyabr kuni Savdo, iqtisodiyot va sanoat sohasidagi hamkorlik hamda eksport kreditlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi savdo-iqtisodiy aloqalar, moliya, neft-gaz, qurilish, mashinasozlik, oziq-ovqat, kimyo, yengil sanoat, to‘qimachilik, sug‘urta, transport va transport kommunikatsiyalari hamda sayyohlik sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari O.Jo‘rayev mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘plab sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalar rivojlanayotganini ta’kidladi.

Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli hamkorlaridan. Prezidentimiz Islom Karimovning 1996 yili Italiyaga rasmiy tashrifi oliy darajadagi ikki tomonlama siyosiy muloqotlarni boshlab berdi. 1997 yili Toshkentda, 2000 yili Rimda O‘zbekiston-Italiya sammitlari bo‘lib o‘tdi. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar rahbarlarining tashriflari bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama soliqdan qochish hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilishga, avtomobil transportida xalqaro yuk va yo‘lovchi tashishni o‘zaro tartibga solishga, transport sohasidagi hamkorlikka oid bitimlar imzolangan. O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan.

O‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ikki mamlakatning ham imkoniyatlari katta. 2007 yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 42,2 million AQSH dollarini tashkil qildi. Jumladan, O‘zbekistonning Italiyaga eksporti 2006 yilning shu davriga nisbatan 37,2 foizga o‘sdi. Mamlakatimizda Italiya bilan hamkorlikda tuzilgan 42 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, Italiyaning 7 kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan.

– Italiyaning O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta, – dedi Italiya tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Milosh Budin. – O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay muhit italiyalik ishbilarmonlarning qiziqishini kuchaytirmoqda. Bu omil kelgusida hamkorligimizning yanada kengayishiga xizmat qiladi. Maqsadimiz mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiyot, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, bank-moliya tizimi, sayyohlik singari ko‘plab tarmoqlarda ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan iborat.

Anjumanda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma korxonalar sonini va mahsulotlar turini ko‘paytirish masalalariga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Italiyaning iqtisodiy salohiyati, imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ishbilarmonlarning bevosita hamkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun savdo-sanoat palatalari, bank-moliya muassasalari aloqalarini hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston va Italiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Italiya delegatsiyasi safida “Chemtex Italia”, “UniCredit Group”, “Finmeccanica” kabi yirik kompaniya va bank-moliya muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Italiyalik ishbilarmonlar yurtimizda davom etayotgan keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayoni, iqtisodiyotimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlar bilan tanishdilar. Anjumanda ishbilarmonlar O‘zbekiston va Italiyaning mashinasozlik, neft-gaz, neft kimyosi, konchilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, ko‘nchilik, yengil sanoat, sayyohlik kabi sohalarida aloqalarni kengaytirish va Italiya kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
 
 
Просмотров: 1297 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz