Payshanba, 02.05.2024, 13:29
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Noyabr » 22 » O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – huquqiy islohotlar asosi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – huquqiy islohotlar asosi
04:28

Mamlakatimiz Asosiy Qonuni qabul qilinganligining o‘n besh yilligi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – huquqiy islohotlar asosi” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati 20 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari Konstitutsiyani davlatimizni ravnaq toptirishning maqsad va istiqbollarini belgilab bergan, uning barqarorligi hamda ijtimoiy taraqqiyoti poydevoriga asos solgan, fuqarolarning huquq va erkinliklari garovi bo‘lgan bag‘oyat muhim, asosiy siyosiy-huquqiy hujjat deya ta’kidladilar. O‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab olgan xalqimiz uchun Konstitutsiya yangi erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishning ishonchli huquqiy kafolati bo‘lib qoldi.

Muhokama va o‘zaro fikr almashuvlar asnosida aytilganidek, mustaqillik yillari mobaynida davlatchilik hamda huquqiy rivojlanish borasida O‘zbekiston erishgan yutuqlar Konstitutsiyamiz prinsiplari va normalari amal qilayotganligining samarasidir. So‘zga chiqqanlar xalqimizning keyingi yillardagi yutuqlariga baho berar ekanlar, Asosiy Qonunning ulkan roli hamda salohiyatini xolislik bilan e’tirof etish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida shunga alohida urg‘u berib aytdiki, “… mamlakatimizda huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini eng oliy va ustuvor qadriyat sifatida qaror toptirish borasida o‘tgan davr mobaynida qonunchilik sohasida va amaliy siyosatimizda qanday natija va yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsak, ularning barchasi Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan talab va tamoyillar bilan uzviy bog‘liqdir”.

Mamlakatimizning yetakchi olim va huquqshunos mutaxassislari o‘z so‘zlarida Konstitutsiya negizidagi suveren taraqqiyot yillarida bizda butunlay yangi ilg‘or qonunchilik shakllanganligiga ham e’tiborni qaratdilar. Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mamlakatni erkinlashtirish va modernizatsiyalash o‘zanida kiritilgan tuzatishlar konstitutsiyaviy-huquqiy islohot amalga oshirilayotganligi va konkretlik kasb etayotganligidan yorqin dalolatdir. Bu tuzatishlar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimizni kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari ilgarilab borishi zaruriyati taqozosidir.

Hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan huquqiy islohot saylovlar o‘tkazishni huquqiy jihatdan tartibga solish mexanizmining qayta shakl topishiga olib keldiki, bu xususan davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning roli kuchayganligida namoyon bo‘lmoqda. Bularning hammasi Konstitutsiyaning barqarorligi va hayotiyligi qonunlarimiz doimiy ravishda yangi mazmun va mohiyat bilan to‘ldirib borilayotganida, asosiy qomusimiz normalari ijtimoiy-huquqiy amaliyotda mujassam topayotganligida yorqin namoyon bo‘layotganligidan dalolat beradi.

Davra suhbati ishtirokchilari demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etishning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan dasturiy maqsadlariga muvofiq mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalashning huquqiy bazasini yanada takomillashtirish ishlarini bundan buyon ham davom ettiraverish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

Masalani muhokama etish asnosida tadbir ishtirokchilari qonunchilik ishi sifatini yaxshilash, Konstitutsiyaning roli va ahamiyatini yanada kengroq targ‘ib etish xususida, fuqarolarning Konstitutsiya borasidagi bilimlarini chuqurlashtirish, ularning huquqiy ongi hamda madaniyati darajasini yuksaltirish tadbir-choralarini amalga oshirish masalalari yuzasidan qator takliflar bildirdilar.

Davra suhbati yakunlari asosida ishtirokchilar tegishli tavsiya qabul qildilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari va deputatlari, huquqshunos olimlar, sudlar va huquqni muhofaza qilish organlari, vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlari, turli jamoat birlashmalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
 
Просмотров: 1777 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz