Payshanba, 02.05.2024, 04:26
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2007 » Noyabr » 23 » Konstitutsiya – hayotimiz qomusi
Konstitutsiya – hayotimiz qomusi
23:38

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Devonining O‘zbekiston mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida mamlakatimizni isloh qilish va milliy davlatchilik poydevorini barpo etishda juda qisqa muddatda Asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqilib, qabul qilingani alohida ta’kidlandi. Bu qomusiy hujjatda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari aniq ifodalab berilgan. Davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud sohalariga bo‘linishi eng muhim tamoyil sifatida belgilandi. Shuningdek, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquqiy me’yorlardan ustunligi ham Konstitutsiyada muhrlab qo‘yildi.

Asosiy qonunimizda hech bir mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi va ijtimoiy-siyosiy hayot siyosiy institutlarning rang-barangligi, mafkura va fikrlarning xilma-xilligiga asoslanishi belgilangan. Ayni paytda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi sharoitida xususiy mulkning ustuvorligi konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Konstitutsiya – hayotimiz qomusi” mavzuida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z bordi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) S.Rashidova, Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi M.Rajabova, adliya vaziri o‘rinbosari A.Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi U.Bozorov va boshqalar bundan 15 yil muqaddam Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan hamda xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan Konstitutsiyamizda belgilangan me’yorlarning amalda o‘z ifodasini topayotgani mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladilar. Fuqarolarning huquq va manfaatlariga xizmat qilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy zamini ham, avvalo, Konstitutsiyadir.

Mazmun-mohiyatiga ko‘ra, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan Asosiy qonunimizning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan. Ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mazkur tamoyilning hayotimizda o‘z ifodasini topib, amalda keng samara berayotganini nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo jamoatchiligi e’tirof etmoqda. Insonparvarlik va odillik tamoyiliga asosan jinoiy jazo tizimidan o‘lim jazosining butunlay chiqarib tashlanishi jinoyat qonunchiligimizni liberallashtirish borasidagi jahon progressiv tendensiyalariga to‘la mos kelishi buning yorqin dalilidir.

Sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli vazirlik va idoralar, olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda fuqarolik jamiyati, ijtimoiy himoya, saylov huquqi, odil sudlovga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Mazkur yo‘nalishlarda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
 
 
Просмотров: 2447 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz