Yakshanba, 28.04.2024, 22:58
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2008 » May » 21 » O‘zbekiston Prezidentining “Barkamol avlod” sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigi
O‘zbekiston Prezidentining “Barkamol avlod” sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigi
18:35

Qadrli farzandlarim!

Avvalambor, mamlakatimizning uzoq va yaqin hududlaridan kelgan, haqiqatan ham yurtimiz barkamol avlodining yorqin vakillari bo‘lgan siz, aziz bolalarimni, bugungi sport anjumanining ochilish marosimida qatnashayotgan barcha-barchangizni bag‘rimga bosib, o‘zimning yuksak mehrim va ishonchimni bildirishdan baxtiyorman.

Sizlarning yuksak nufuzli “Barkamol avlod” sport o‘yinlarida qatnashish uchun o‘z kuch va mahoratingizni namoyon etib, qanchadan-qancha keskin kurash va sinovlardan o‘tganingizni, bugun qalbingizdan, yuragingizdan kechayotgan hayajonli tuyg‘ularni men yaxshi tasavvur qilaman va o‘zimni bamisoli sizlar bilan mana shu go‘zal maydonda turgandek his etaman.

Biz yurtimizda hech kimdan kam bo‘lmaydigan erkin demokratik jamiyat qurish uchun keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan, ham jismoniy, ham ma’naviy yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan avlodni voyaga yetkazishni o‘z oldimizga yuksak maqsad qilib qo‘yganmiz.

Mana shu ezgu maqsadga erishish, farzandlarimizning o‘z aql-zakovati va iste’dodini to‘la namoyon etishi, ularni bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchiga aylantirish uchun hech narsani ayamasdan, kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etib, qanday ulkan ishlarni amalga oshirayotganimizga barchangiz guvohsiz.

Bugun yurtimizda ming-minglab ota-onalar, ustoz-murabbiylar ham aynan shunday orzu-havas, aynan shunday intilish bilan sizlarni barkamol insonlar etib tarbiyalash maqsadida qalb qo‘ri, butun borlig‘ini bag‘ishlab mehnat qilmoqda.

Ishonchim komilki, sizlar el-yurtimizning mana shunday yuksak e’tibori va ishonchini, ezgu orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun doimo munosib bo‘lasizlar, aziz bolalarim.

Hech shubhasiz, bugun bepoyon qoraqalpoq zaminida, azim Jayhun sohillarida o‘tkazilayotgan “Barkamol avlod” o‘yinlari mamlakatimiz yoshlari hayotida, sportimiz tarixida yana bir yorqin sahifa bo‘lib qoladi.

Nega deganda, yurtimizda to‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan bu musobaqalarning aynan “Yoshlar yili”da, yaqinda Pekin shahrida boshlanadigan Olimpiada arafasida bo‘lib o‘tayotgani bu anjumanga alohida ruh va mazmun bag‘ishlashi tabiiy, albatta.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

Men ishonaman, sizlarning har biringiz ana shu musobaqalarni katta hayajon bilan kuzatadigan ustoz va murabbiylaringiz, ota-onalaringiz, tengdosh do‘stlaringiz, barcha sport muxlislarining ishonchini oqlab, xolislik va adolat ruhida o‘tadigan bellashuvlarda nimalarga qodir ekaningizni amalda yaqqol namoyon etasiz.

Bu musobaqalar nafaqat sport maydonlarida, balki hayotdagi intilishlarida ham yoshlarimizning parvoziga qanot beradi, ularni irodasi mustahkam, el-yurtiga sadoqatli, Vatan sharafini himoya qilishni o‘z zimmasiga olgan insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Inshoollo, bu o‘yinlar bo‘lg‘usi Olimpiadalarda ulkan marralarga erishishda, mamlakat, Osiyo va jahon chempioni degan unvonlarga muyassar bo‘lishda sizlar uchun katta maktab bo‘lib qolajak.

Fursatdan foydalanib, “Barkamol avlod” sport o‘yinlarini yuksak darajada o‘tkazish uchun muhtasham sport majmualarini barpo etgan qo‘li gul quruvchilarga, shu yo‘lda sidqidildan xizmat qilgan barcha insonlarga, butun qoraqalpoq eliga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Bugungi go‘zallik va nafosat bayrami bilan sizlarni yana bir bor qutlayman. Mening sizlarga qaratilgan da’vatim: marrani doimo baland olib yashang, ertangi kun bizniki, sizdek shijoatli yoshlarimizniki!

Shuni unutmangki, kelgusida erishadigan har bir g‘alabangiz – yurtimiz g‘alabasi, O‘zbekiston g‘alabasidir!

Mana shunday yuksak ishonch, omad va zafar, baxtu saodat hamisha sizlarga yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
 
 
Man'ba - www.uza.uz
 

Просмотров: 1660 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz