Dushanba, 29.04.2024, 01:30
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2008 » May » 21 » Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi
Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi
23:39

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va boshqa birlashmalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz olimlari, yosh tadqiqotchilar, talabalar va ishlab chiqarish tuzilmalari vakillari bilan bir qatorda Xitoy, Germaniya, Italiya, Sloveniya, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi raisi N.Mavlonov, fanlar akademiyasi vitse-prezidenti S.G‘ulomov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori SH.Shoobidov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ilm-fan taraqqiyotini yanada jadallashtirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, ilmiy laboratoriyalarda yaratilayotgan ixtirolardan amalda oqilona foydalanishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samaralarini berayotganini alohida ta’kidladilar.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar bunga misol bo‘ladi. Mamlakatimizning neft-gaz, kimyo, yoqilg‘i-energetika, mashinasozlik va boshqa muhim ishlab chiqarish tarmoqlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlanayotgan mazkur dargohda ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash borasida talay ishlar amalga oshirilmoqda.

Universitetning energetika fakulteti va “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik birlashmasi hamkorligida amalga oshirilayotgan ana shunday ilmiy-amaliy loyiha natijasida ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi texnologiya energiya sarfini qariyb qirq foizga kamaytirish imkonini bermoqda. Bugungi kunda ushbu qurilmadan mazkur korxonaning o‘n beshta inshootida, shuningdek, “O‘zbekkabel” aksiyadorlik birlashmasi va Toshkent viloyatidagi nasos stansiyalari faoliyatida samarali foydalanilayotir.

“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi ham universitetning ta’lim, fan va ishlab chiqarish jabhasidagi muhim hamkorlaridan biri. Keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda olimlar va mutaxassislar hamkorligida olib borilgan keng ko‘lamli ilmiy loyihalar natijasida neft va gazni qayta ishlash korxonalarida oqava suvlarni tozalashning zamonaviy usullari ishlab chiqildi. Ilgari xorijdan keltirilayotgan tabiiy gazni tozalash jarayonida qo‘llaniladigan yangi ingibitorlar yaratildi. Yuqori samarali polimer reagentlar, ekologik toza yonilg‘i olish, konlardagi issiqlik almashtirgich tizimlari faoliyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan ilg‘or texnologiyalar joriy etildi.

Kompaniya mutaxassislarining aytishicha, olimlarimiz va mutaxassislarimizning hamkorligi natijasida yaratilayotgan bunday ilg‘or texnologiyalar geologiya-qidiruv ishlarini, neft va gaz qazib olish hamda qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash va pirovardida mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

24 mayga qadar davom etadigan anjuman doirasida Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy laboratoriyalarida yaratilgan va ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi texnologiyalar va ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Просмотров: 1527 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz