Payshanba, 02.05.2024, 18:28
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2008 » Iyun » 10 » Yoshlar haqida g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi
Yoshlar haqida g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi
06:40

O‘zA, 09.06.2008 20:32

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning samarali qonunchilik bazasini shakllantirish masalalarini muhokama etish bilan bog‘liq qator tadbirlar o‘tkazdi.

4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yuqori palatasida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan, “Voyaga yetmaganlarga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish: amaliyot va samaradorlik” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqshunos olimlar, vazirlik va idoralar, sudlar va huquqni muhofaza qilish organlari, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlari, turli jamoat birlashmalari va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, GFRdan kelgan ekspertlar ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlab o‘tganidek, mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash sohasidagi islohotlarni amalga oshirish jarayonida davlat tashkilotlari hamda nodavlat tashkilotlar yoshlarga oid dolzarb masalalarni vaqtida hal etishga, voyaga yetmaganlarning huquqlari kafolatlarini amalga oshirishga, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari yanada to‘laroq ta’min etilishiga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish va mustahkamlashga alohida e’tibor bermoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 1 mayda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida qayd etilganidek, “bozor islohotlarini izchil amalga oshirish, yirik davlat ijtimoiy dasturlarini, jumladan, “Sog‘lom avlod”, “Ona va bola”, “Sihat-salomatlik yili”, “Oila yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili” va boshqa dasturlarni hayotga tatbiq etish orqali mamlakatda insonning, avvalo, bolalar, ayollar, yoshlarning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini butun choralar bilan himoya qilish, ularning har tomonlama barkamol rivojlanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi”.

Davra suhbati ishtirokchilari o‘z nutqlarida “Yoshlar yili” Davlat dasturini amalga oshirishga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan tadbirlarda bola huquqlarini ta’minlashning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish hamda bolalar va yoshlar huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya etilishini yanada to‘liqroq ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor berilayotganligini ta’kidlab o‘tdilar. Tegishli vazirliklar va idoralar uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini yanada kengroq ko‘lamda amalga oshirish, yoshlar kamoloti ravnaq topib, ijodiy salohiyati yanada yuksalishi uchun qo‘shimcha ravishda huquqiy, tashkiliy sharoit va kafolatlar berish masalalariga oid qonun loyihalarini tayyorlash, shuningdek, iqtidorli bolalar uchun mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatining normativ-huquqiy asoslarini belgilab olish, qobiliyatli o‘quvchilar va talabalarni ta’lim jarayonida rag‘batlantirib borish tizimini yaratish, umumiy o‘rta ta’lim hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlash borasida qonun ijodkorligi ishlarini izchillik va sobitqadamlik bilan olib bormoqdalar.

Ishtirokchilar bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga taalluqli vakolatlarni amalga oshirish masalalarida davlat organlarining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, o‘quv yurtlari, bolalar va yoshlar tashkilotlari, ishlab chiqarish jamoalari va fermer xo‘jaliklari bilan birgalikdagi faoliyatini yanada jonlantirshga qaratilgan ishlarni davom ettirish zarurligiga ham urg‘u berdilar.

Muhokama asnosida tadbir ishtirokchilari voyaga yetmaganlarga oid GFR qonun hujjatlarining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishdilar, voyaga yetmaganlarga oid qonun hujjatlarimizni takomillashtirish, davlat bolalar muassasalari va tashkilotlarida navqiron avlod ta’lim va tarbiyasining mazmun-mohiyati hamda sifati, davlat organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish borasidagi faoliyati ochiq-oshkoraligiga erishish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar, qator taklif va mulohazalar bildirdilar.

Davra suhbati yakunlari asosida ishtirokchilar tegishli tavsiyalar qabul qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashining 6 iyunda Andijon davlat tibbiyot instituti binosida bo‘lib o‘tgan qo‘shma sayyor majlisida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Andijon viloyatida ijro etilishi natijalari ko‘rib chiqildi.

Milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, buyuk ajdodlarimizning ko‘p asrlik ma’naviy merosini, shuningdek, jahondagi rivojlangan mamlakatlarning intellektual yutuqlari va tajribasini uyg‘un o‘zlashtirish asosida tarbiyalangan yosh avlod, davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, kuch-qudratimizning eng asosiy manbaidir.

Bolalarimizni o‘zaro uyg‘un milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, mustaqil fikrlay oladigan, zamonaviy bilimlarni egallagan, jamiyatimizdan munosib o‘rin topadigan mutaxassis qilib yetishtirish endilikda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib qoldi. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir tegishli huquqiy baza yaratildi. “Yoshlar yili” Davlat dasturi qabul qilindi va u hozir muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilmoqda. Bu sohadagi dolzarb vazifalardan biri yoshlar kamol topishi, ularning ijodiy salohiyati yanada yuksalishi uchun qo‘shimcha xuquqiy, tashkiliy sharoit hamda kafolatlar berishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Majlisda qayd etilganidek, Andijon viloyatida mazkur Qonunni ijro etish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Chunonchi, 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 393 ming yigit-qizdan 258 ming nafari ishga joylashtirilgan. Faqatgina shu yilning to‘rt oyi mobaynida ikki mingdan ortiq yollanma kasanachilik o‘rinlari yaratildi. “Yoshlar yili” Davlat dasturi doirasida turli toifadagi yoshlarni ishga joylashtirish uchun 50 mingga yaqin ish joyi yaratish nazarda tutilgan. Yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish ishlariga mehnat faxriylari va ziyolilarning namoyandalarini jalb etishga katta e’tibor berilmoqda.

Yoshlarning ta’lim olish sohasidagi huquqlarini ta’minlash beshta oliy o‘quv yurti, 94 ta kasb-hunar kolleji, 11 ta akademik litsey va 746 ta umumta’lim maktabi orqali amalga oshirilmoqda, ularda 611 mingga yaqin o‘quvchi va talaba ta’lim olmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida, “Mehribonlik” uyida, kam ta’minlangan oilalarning bolalari uchun mo‘ljallangan maktab-internatda, umumta’lim maktablari, maktab-internatlarda ijtimoiy himoyaga hamda davlat yordamiga muhtoj 2600 dan ortiq bola ta’lim va tarbiya olmoqda.

Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish doirasida kam ta’minlangan 246 ta yosh oilaga bepul qoramol berildi, 2007 yilda shunday oilalarga tijorat banklari tomonidan 8 milliard 80 million so‘mlik ipoteka, iste’mol kreditlari va boshqa turdagi kreditlar ajratildi. 2008 yilning birinchi choragi mobaynida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan muhtoj fuqarolarga budjetdan tashqari jamg‘armalarning mablag‘lari hisobidan 704,7 million so‘m miqdorida pensiya va nafaqalar to‘landi. Andijon shahrida mamlakatimizda eng katta Yoshlar markazi binosi qurilishi tugallanmoqda, eng yangi texnika vositalari va texnologiya uskunalari bilan jihozlangan bu koshonada yoshlardan 500 nafardan ortig‘i ishga joylashadi.

Shu bilan birga qo‘shma majlisda senatorlar va deputatlar “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Andijon viloyatida ijro etilishidagi mavjud kamchiliklarni ham ko‘rsatib o‘tdilar. Xususan, yoshlarning ta’lim olish sohasidagi huquqlarini ta’minlash samaradorligini oshirish, ularni istiqbolli ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishga jalb qilish, yoshlarni huquqiy himoya qilish, shu jumladan tadbirkorlik sohasida huquqiy himoya qilish borasida vakillik, ijro etuvchi va huquqni muhofaza qilish organlarining faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan ijtimoiy dasturlarning bajarilishini nazorat qilish sohasida yetarlicha ish olib bormayotirlar.

Muhokama asnosida yoshlarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish muammolari o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlaydigan qonunchilik bazasini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berildi.

Muhokama yakunlarn bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Shu kuni “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish – davr talabi” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash sharoitida milliy g‘oya targ‘iboti borasidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning o‘ziga xos shakllari va usullari to‘g‘risida, mahalliy davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining bu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish haqida, shu sohada olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishda ta’lim muassasalarining roli xususida, yoshlar orasida milliy g‘oyani targ‘ib qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish jarayonidagi mavjud muammolar hamda ularni hal qilish yo‘llari haqida amaliy fikr almashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, ta’lim muassasalari, Xotin-qizlar qo‘mitalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yoshlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Категория: Respublika xabarlari | Просмотров: 1807 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz