Juma, 03.05.2024, 05:41
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2008 » Noyabr » 14 » Simsiz tizimlar joriy etilmoqda
Simsiz tizimlar joriy etilmoqda
05:48

Toshkent shahrida “Simsiz tizimlarni joriy etishning huquqiy, texnik va iqtisodiy jihatlari” mavzuidagi seminar ish boshladi. Tadbirni Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqi (“ITU”) Aloqa sohasida mintaqaviy hamjamiyat va O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etdi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjon, Moldova, Turkiya va boshqa mamlakatlardan vakillar ishtirok etmoqda.

Seminar dasturida simsiz aloqa tizimidagi eng yangi texnologiyalar ko‘rib chiqilmoqda, ularni amaliyotga joriy qilish jarayonini tahlil qilish, tajriba almashish, vakillari seminarda ishtirok etayotgan mamlakatlarda mavjud ehtiyojlarni aniqlash nazarda tutilmoqda.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori SH.Sodiqovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va hayotimizning barcha sohalariga joriy etish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy simsiz aloqa tizimi ham ushbu texnologiyalarning bir qismi hisoblanadi.

Istiqlol yillarida mazkur soha muhim investitsiyalar yordamida jadal rivojlantirildi, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholiga xizmat ko‘rsatishda uning hissasi tobora ortib bormoqda. Korxonalarning ishlab chiqarish quvvati yildan-yilga oshmoqda, eng yangi texnika va texnologiyalar joriy qilinmoqda. Uyali aloqa tizimi bozori shiddat bilan o‘smoqda, abonentlar soni 10 milliondan oshib ketdi. Internet xizmatidan foydalanuvchilar soni esa hozirgi kunda 2 million 200 ming nafardan ortdi. Butunjahon tarmog‘iga simsiz ulanadigan Wi-Fi va WiMAX texnologiyalari kengaytirilganidan so‘ng undan foydalanuvchilar soni yanada tez ko‘payadi.

O‘zbekiston dunyoda ikkinchi to‘lqin WiMAX mobil texnologiyasi o‘zlashtirilayotgan ilk mamlakatlardan biriga aylandi. Bu mashhur Janubiy Koreyaning “Korea Telecom” va Yaponiyaning “Sumimoto Corporation” kompaniyalari yetakchi mutaxassislarining so‘nggi ishlanmalariga asoslangan bugungi kundagi eng ilg‘or telekommunikatsiya texnologiyasi hisoblanadi. Ushbu kompaniyalar ishtirokida poytaxtimizda EVO savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatayotgan “Super iMax” kompaniyasi tashkil etildi. Bu, avvalo, Internetdan yuqori tezlik bilan simsiz foydalanish, telefoniya va virtual simsiz tarmoqli yechimlar(VPN) demakdir.

Bugungi kunda WiMAX texnologiyasi Toshkent shahri, poytaxt viloyati, Samarqand, Andijon va Farg‘ona viloyatlarini qamrab olmoqda. 2009 yil oxiriga kelib “Super iMax” kompaniyasi O‘zbekistonning barcha hududlarida WiMax simsiz aloqa texnologiyalarini joriy etadi.

Seminar ishtirokchilari axborot resurslarining o‘sishi va barqaror rivojlanishini ta’minlash, odamlar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, shakllanayotgan axborot jamiyati va global iqtisodiyotning ishtirokchilariga aylanishi, ularning afzalliklaridan foydalanishiga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladilar.

Tadbir qatnashchilarining “Ma’lumotlar uzatish bo‘yicha simsiz tarmoqlardan foydalanishni tartibga solishning huquqiy masalalari”, “Radiodan foydalanish tizimining evolutsiyasi”, “Yo‘ldosh aloqa va eshittirish tizimlari”, “MDH mamlakatlarida simsiz foydalanish tizimlarini joriy etish tajribasi”, “Telekommunikatsiyalarda energiya tejaydigan texnologiyalar – sizning hamkoringiz” mavzuidagi va boshqa ma’ruzalari ham ushbu dolzarb vazifani hal etishga qaratildi.

Категория: Respublika xabarlari | Просмотров: 1654 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz