Chorshanba, 01.05.2024, 19:05
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2009 » Avgust » 6 » O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
09:46

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

«Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturini ijro etish hamda qishloq aholi punktlarining bosh rejalari va arxitekturaviy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga muvofiq tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirish asosida qishloq aholisining turar-joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida:

1. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joy va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar qurishning tajriba loyihalarini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan 42 ta yer massivi tanlab olindi;

2009-2010 yillarda 260,5 mlrd.so‘m, shu jumladan, 2009 yilda – 65,5 mlrd. so‘m miqdorida tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qishloq aholi punktlarida yakka tartibdagi uy-joy qurilishini kreditlash manbalari aniqlab olindi.

2. «Qishloq qurilish bank» OATBning namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joy qurilishida yakka tartibda imorat quruvchilarga ko‘mak berish uchun respublikaning har bir mintaqasida o‘z filialiga ega «Qishloq qurilish invest» ixtisoslashtirilgan sho‘ba injiniring kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

uy-joy bozorini marketing jihatdan o‘rganish va buning asosida qurish massivlarini, barpo etiladigan uy-joylar, ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar va muhandislik infratuzilmalari tarkibi hamda tuzilmasini tanlab olish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

qishloq aholi punktlarida yakka tartibdagi yangi uy-joylar, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar va muhandislik infratuzilmalarini «tayyor holda topshirish» shartlarida buyurtmachi funksiyalarini shartnoma asosida bajarish, jumladan, moliyalashni tashkil etish va qurilishning borishi ustidan texnik nazorat o‘rnatish;

aholi buyurtmanomalariga muvofiq uy-joylar, shuningdek, namunaviy loyihalar bo‘yicha «tayyor holda topshirish» shartlarida ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar va muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish buyurtmalarini obyektlarni sifatli qurishni ta’minlab bera oladigan amaldagi va yangitdan tashkil etilayotgan pudratchi qurilish tashkilotlari o‘rtasida tanlov asosida joylashtirish;

keyinchalik «Qishloq qurilish bank» OATB tomonidan beriladigan imtiyozli kreditlar hisobidan uzil-kesil hisob-kitob qilingan holda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan yakka tartibdagi uylarni aholiga berish, shuningdek, muhandislik infratuzilmasi, ijtimoiy-madaniy va sanitariya-maishiy ahamiyatdagi obyektlarni ekspluatatsiya tashkilotlariga topshirish.

3. Quyidagi tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

«Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda uy-joy bozorini marketing jihatdan o‘rganish hamda aholining buyurtmanomalari asosida har yili 1 oktabrgacha mintaqalar doirasida quriladigan uy-joylar va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar hajmi, tarkibi va tuzilmasi bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan marketing jihatdan o‘rganish natijalari asosida 1 noyabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi va «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan yer massivlari tanlab olinadi hamda keyinchalik ular namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar qurish uchun «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasiga topshiriladi;

aniq yer uchastkasi va namunaviy loyihani tanlagan yakka tartibda imorat quruvchi “tayyor holda topshirish” sharti bilan turar-joy binosini qurishda buyurtmachi vazifasini bajarishi uchun “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan shartnoma tuzadi;

yakka tartibda imorat quruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmachi sifatida “tayyor holda topshirish” sharti bilan namunaviy loyiha bo‘yicha yakka tartibdagi turar-joy binosi qurilishi yuzasidan barcha ishlar kompleksini tashkil etadi;

qurilish yakunlangandan keyin va yakka tartibda imorat quruvchi tomonidan dalolatnoma bo‘yicha turar-joy binosi qabul qilingandan so‘ng yakka tartibda imorat quruvchiga yer uchastkasini ajratish tuman (shahar) hokimining qarori bilan kimoshdi savdosi o‘tkazilmasdan umrbod meros qilib qoldiriladigan mulk tarzida rasmiylashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (B.A.Xo‘jayev) «Qishloq qurilish bank» OATB, «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibdagi uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. «Qishloq qurilish bank» OATB:

O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda ixtisoslashtirilgan «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

bir oy muddatda «Qishloq qurilish invest» kompaniyasining zarur moddiy-texnika bazasi yaratilishini nazarda tutgan holda uning ustav kapitalini shakllantirsin, shuningdek, kompaniyaning malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;

zarur hollarda, bank ustav jamg‘armasi mablag‘larini garov tariqasida qaytarish asosida ajratib berilishini nazarda tutgan holda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasini ushbu jamg‘arma mablag‘i hisobidan aylanma mablag‘lar bilan ta’minlasin.

5. Belgilansinki:

yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlarida ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari qurilishi investorlar mablag‘lari va tijorat banklari kreditlari hisobidan amalga oshiriladi;

ijtimoiy infratuzilma obyektlari va tashqi muhandislik tarmoqlari qurilishi mahalliy budjet va homiylar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

ixtisoslashtirilgan «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi va uning mintaqaviy filiallariga zarur infratuzilmani tashkil etish uchun shartnoma asosida yer uchastkalarini ajratish tarzida yordam ko‘rsatsin;

O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi va “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda, tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurishga tasdiqlangan bosh reja asosida har yili qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan yer uchastkalari ajratilishini ta’minlasin;

“Qishloq qurilish bank” OATB kreditlari hisobidan tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlarida barpo etiladigan muhandislik infratuzilmasi va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlarning ildam qurilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi:

tanlanadigan yer massivlarining muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlanganligi, ishga tushiriladigan uy-joy hamda ijtimoiy-madaniy va sanitariya-maishiy obyektlarga bo‘lgan amaldagi talabning mavjudligi kompleks ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;

yakka tartibdagi uy-joy qurilishida qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirsin.

8. Ixtisoslashtirilgan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi 2014 yilning 1 yanvarigacha barcha turdagi soliq to‘lovlaridan hamda Respublika yo‘l jamg‘armasi va budjetdan tashqari Maktab ta’limi jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan ozod etilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2007 yil 18 maydagi PF-3878-son Farmonining 4-bandi qishloq joylarda “Qishloq qurilish bank” OATB kreditlari hisobidan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda imorat quruvchilarga nisbatan tatbiq etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi uy-joy va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishiga ajratilayotgan mablag‘lardan, shu jumladan, “Qishloq qurilish bank” OATBning imtiyozli kreditlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli ravishda tekshiruvlar olib borsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2009 yil 3 avgust
Категория: Respublika xabarlari | Просмотров: 1566 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz