Seshanba, 23.04.2024, 14:11
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2008 » Oktyabr » 04

Istiqbolli navlar ko‘paymoqda

O‘zA, SH.Xudoyberganov, 04.10.2008 10:52

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasi dehqonlarimiz yetishtirgan sanoat xomashyosining jahon bozorida xaridorgirligini oshirishga xizmat qilmoqda.

– Mazkur paxta yarmarkalarida ilmiy izlanishlarimiz mahsuli bo‘lgan «Xorazm-127» navi tolasiga qiziqish va e’tibor oshayotgani bizni quvontiradi, – deydi O‘zbekiston Paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining Xorazm viloyat filiali direktori Ravshanbek Karimov. – Ilmiy tadqiqot va amaliy seleksiya ishlari qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni nazarda tutgan holda olimlarimiz “Xorazm-127” singari tolasi sifatli, sanoatbop g‘o‘za navlarini yaratish yo‘lida izlanishlarni davom ettirmoqda.

Xorazm viloyatida kech kuzda va erta bahorda ekin maydonlariga kamida 3-4 marta yaxob suvi berib, sho‘rini yuvmaguncha kutilgan hosilni olish qiyin. Ayniqsa, chigit ekiladigan maydonlarning meliorativ holatini yaxshilash, yerni to‘yintirib sug‘orish zarur. Mana shunday sharoitga mos keladigan, sho‘rlanishga, suv tanqisligiga, ob-havoning keskin o‘zgarishlariga chidamli g‘o‘za navlarini yaratish vazifasi filial seleksioner olimlari zimmasiga yuklatilgan.

– Yangi nav yaratish uchun ba’zan 15-20 yil vaqt kerak bo‘ladi, – deydi filialning g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘limi boshlig‘i Jumaniyoz Yo‘ldoshev. – Olimlarimiz tomonidan yaratilgan, bugungi kunda viloyatimiz ekin maydonlarining katta qismiga ekilayotgan «Xorazm-127», «Xorazm-150» g‘o‘za navlari dehqonlarimizga ma’qul kelmoqda. Ushbu navlar sho‘rga chidamliligi, tez unuvchanligi, chigitida 24 foiz miqdorda yog‘ borligi, tolasining sifatliligi va vegetatsiya davrining qisqaligi bilan ajralib turadi. Hosildorligi gektariga 35-40 sentnerni tashkil etadi. 130 gektardan ziyod tajriba maydonimizda dehqonchilik va sanoatda istiqbolli hisoblanayotgan «Parvoz», «Xorazm-152 K», «Oltin toj» kabi yangi g‘o‘za navlari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Категория: Respublika xabarlari | Просмотров: 1275 | Добавил: Otabek | Дата: 04.10.2008 | Комментарии (0)

O‘zbekiston – bolalar nigohida

O‘zA, A.Ivanova, 04.10.2008 09:44

Londondagi Qirollik san’at kollejida “O‘zbekiston – bolalar nigohida” deb nomlangan fotoko‘rgazma ochildi. U “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan Britaniya kengashi va O‘zbekiston Respublikasining ushbu mamlakatdagi elchixonasi ko‘magida Buyuk Britaniyaning “Pro Art & Co” jamoat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda O‘zA muxbiriga “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xorijda O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Jahon hamjamiyatining mamlakatimizga bunday e’tibori davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hayotimizning barcha jabhalarida, jumladan, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi bilan bog‘liq.

Bunga mamlakatimiz jamoat tashkilotlari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xususan, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilayotgan ko‘plab tadbirlar jahon hamjamiyatini madaniyatimiz va san’atimizning turli qirralari, o‘zbek xalqining boy merosi, yangi hayot qurish yo‘lida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari bilan tanishtirmoqda.

Yosh iste’dod sohiblarini aniqlash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda har yili «Yangi avlod» respublika bolalar ijodi festivali o‘tkazilmoqda. Jamg‘arma iste’dodli bolalar va yoshlarning turli xalqaro festivallar hamda tanlovlarda, jumladan, V.Spivakov nomidagi xalqaro xayriya jamg‘armasi loyihalarida, Siti di Kantu (Italiya), Fransiyadagi «Sharq xalqlari», Portugaliyada o‘tkaziladigan «Evora» va boshqa xalqaro anjumanlarda ishtirok etishiga ko‘maklashmoqda. Mamlakatimizning yosh vakillari Tokioda bo‘lib o‘tgan «Yaponiya – o‘zbekistonlik bolalar nigohida» rasmlar ko‘rgazmasi, Pekinda o‘tgan «Olimpiada – 2008 – jahon shousi»da ishtirok etdi. O‘sib kelayotgan yosh avlodning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishda jamg‘armaga YUNESKO, Britaniya kengashi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yaponiya va Shveysariya agentliklari, Gyote-institut (Germaniya) va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar hamkorlik qilmoqda.

Londonda 7 oktabrgacha davom etadigan ushbu o‘ziga xos fotoko‘rgazma Buyuk Britaniya aholisini mamlakatimiz bolalari o‘z Vatanini qanday tasavvur etishi bilan tanishtiradi. Unda namoyish etilayotgan fotosuratlar maktab o‘quvchilari, bolalar ijodi markazlari, mehribonlik uylari va maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari tomonidan tasvirga tushirilgan. Bu suratlarda bolalarning o‘z tengdoshlari, do‘stlari, jonajon shaharlari hayotidan olingan yorqin lahzalar aks etgan. Jamg‘armaga taqdim etilgan mingta ana shunday fotosuratdan namoyish etish uchun 120 tasi tanlab olindi. Ular muallif va u olgan fotosuratlar haqida hikoya qiluvchi maxsus katalokka kiritiladi.

Категория: Respublika xabarlari | Просмотров: 1220 | Добавил: Otabek | Дата: 04.10.2008 | Комментарии (0)

Ayollar faolligi oshmoqda

O‘zA, X.Mamatrayimov, 04.10.2008 09:15

Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarning oila va jamiyatdagi mavqeini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham mazkur farmon ijrosi yuzasidan qator ishlar olib borilayotir. Xotin-qizlarning davlat va jamoat qurilishi sohasidagi rolini yanada kuchaytirish, ularning bandligi va faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Ayni maqsadda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida “Rahbar ayollar” klubi tashkil etildi. Jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan ushbu tashkilot o‘z safiga turli sohalarda mehnat qilayotgan mingdan ziyod rahbar ayolni birlashtirdi.

– Viloyatimizda 1 million 15 mingga yaqin xotin-qiz istiqomat qiladi,-deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Ayollarni ish bilan ta’minlash, ular o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasini keyingi yillarda ajrashishlar soni sezilarli kamayib borayotganida ham ko‘rish mumkin.

“Oqila qiz”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” kabi ko‘rik-tanlov va boshqa tadbirlar qizlarning milliy qadriyatlarimiz haqidagi bilimini boyitishga, hunar o‘rganishiga, bo‘lajak uy bekalari sifatida ro‘zg‘or yumushlarini puxta egallashiga yordam berayotir. «Mahalla sportchilari”, “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, “Sport – xotin-qizlar hayotida sog‘lom turmush tarzi manbai” shiori bilan o‘tkazilayotgan musobaqalar esa ayollarni sportga keng jalb etishga xizmat qilayotir. 2004 yilda viloyatda sport bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar 98 ming 584 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yilga kelib ularning soni 286 ming 800 nafardan oshdi.

Joriy yilda Termiz shahrida barpo etilgan Ayollar salomatlik va go‘zallik markazi ham xotin-qizlar sog‘ligini mustahkamlash hamda vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatish barobarida ularni sportga oshno etishda muhim o‘rin tutmoqda.

“Rahbar ayollar” klubi esa rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishga, ularning jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga xos bilim, malaka va ko‘nikmalarini boyitishga ko‘maklashadi. Tashkilot, korxona va xo‘jaliklarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning mehnat huquqlari qay darajada ta’minlanayotganini o‘rganadi.

Bunday klublar shahar va tuman xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida ham tashkil etilmoqda.

Категория: Respublika xabarlari | Просмотров: 1143 | Добавил: Otabek | Дата: 04.10.2008 | Комментарии (0)

Shaxmatchilar bellashuvi

O‘zA, A.Ortiqboyev, 04.10.2008 08:55

Taxiatosh shahrida shaxmat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston birinchiligi musobaqalari yakunlandi. Unda Nukus va Taxiatosh shaharlari, Xo‘jayli tumanidan kuchli sportchilar dona surdi.

Murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Taxiatosh shahridagi 3-respublika bolalar va o‘smirlar ko‘p tarmoqli sport maktabi murabbiysi Abdukarim To‘rayev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda ham mezbonlardan Amina To‘rayeva g‘oliblik shoxsupasidan joy oldi.

G‘oliblarga musobaqa tashkilotchilarining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Категория: Sport xabarlari | Просмотров: 1268 | Добавил: Otabek | Дата: 04.10.2008 | Комментарии (0)

Otabek © 2024Хостинг от uCoz