Juma, 03.05.2024, 20:34
Suv xo'jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti fakulteti
Приветствую Вас Mexmon | RSS
Главная » 2008 » Oktyabr » 4 » Ayollar faolligi oshmoqda
Ayollar faolligi oshmoqda
11:57

Ayollar faolligi oshmoqda

O‘zA, X.Mamatrayimov, 04.10.2008 09:15

Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarning oila va jamiyatdagi mavqeini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham mazkur farmon ijrosi yuzasidan qator ishlar olib borilayotir. Xotin-qizlarning davlat va jamoat qurilishi sohasidagi rolini yanada kuchaytirish, ularning bandligi va faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Ayni maqsadda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida “Rahbar ayollar” klubi tashkil etildi. Jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan ushbu tashkilot o‘z safiga turli sohalarda mehnat qilayotgan mingdan ziyod rahbar ayolni birlashtirdi.

– Viloyatimizda 1 million 15 mingga yaqin xotin-qiz istiqomat qiladi,-deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Ayollarni ish bilan ta’minlash, ular o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasini keyingi yillarda ajrashishlar soni sezilarli kamayib borayotganida ham ko‘rish mumkin.

“Oqila qiz”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” kabi ko‘rik-tanlov va boshqa tadbirlar qizlarning milliy qadriyatlarimiz haqidagi bilimini boyitishga, hunar o‘rganishiga, bo‘lajak uy bekalari sifatida ro‘zg‘or yumushlarini puxta egallashiga yordam berayotir. «Mahalla sportchilari”, “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, “Sport – xotin-qizlar hayotida sog‘lom turmush tarzi manbai” shiori bilan o‘tkazilayotgan musobaqalar esa ayollarni sportga keng jalb etishga xizmat qilayotir. 2004 yilda viloyatda sport bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar 98 ming 584 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yilga kelib ularning soni 286 ming 800 nafardan oshdi.

Joriy yilda Termiz shahrida barpo etilgan Ayollar salomatlik va go‘zallik markazi ham xotin-qizlar sog‘ligini mustahkamlash hamda vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatish barobarida ularni sportga oshno etishda muhim o‘rin tutmoqda.

“Rahbar ayollar” klubi esa rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishga, ularning jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga xos bilim, malaka va ko‘nikmalarini boyitishga ko‘maklashadi. Tashkilot, korxona va xo‘jaliklarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning mehnat huquqlari qay darajada ta’minlanayotganini o‘rganadi.

Bunday klublar shahar va tuman xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida ham tashkil etilmoqda.

Категория: Respublika xabarlari | Просмотров: 1145 | Добавил: Otabek | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Otabek © 2024Хостинг от uCoz